Koreyaning sobiq birinchi xonimi pora evaziga davlat ishlariga aralashishda ayblanmoqda

Olam

image

Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Kyon Xi qimmatbaho buyumlar va pul evaziga davlat ishlariga noqonuniy aralashishda ayblanmoqda. Bu haqda bugun, 29 dekabr kuni maxsus prokuror ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, maxsus prokuratura tomonidan olib borilgan tergovlar bugun, 29 dekabr kuni yakunlangan. Prokuratura bayonotida sobiq birinchi xonim Kimning pora olgani va davlat ishlariga noqonuniy aralashganligi keltirilgan.

“Kim prezident rafiqasi maqomidan foydalanib, pul va qimmatbaho buyumlarni qabul qilgan, shuningdek turli lavozimlarga tayinlash va nomzodlarni ilgari surish jarayonlarida faol ishtirok etgan”, deydi maxsus prokuror Min Jong Ki tergov yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Kimning advokatlari ham shu kunning o‘zida bayonot bergan. 

“Tergovlar kimningdir gapi bilan emas, balki oxir-oqibat sudda dalillar asosida yakunlanadi”, deydi ular. 

Advokatlar, shuningdek, “faktlar bo‘rttirib ko‘rsatilmasligi yoki siyosiy maqsadlarda buzib talqin qilinmasligi uchun protsessual qonuniylik va himoya huquqlari to‘liq ta’minlanishi” uchun harakat qilishini bildirgan.

Shu bilan birga, prokuratura guruhi “Birlashish” cherkovi rahbari Xan Xak Jani ham ayblamoqda. U diniy guruh nomidan Kim Kyon Xiga nufuz qozonish maqsadida ikkita Chanel sumkasi va olmosli marjon taqdim etganlikda gumon qilinmoqda. Ayni paytda mazkur ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Xan Xak Ja o‘z cherkovini Kimga pora berishga undaganini rad etgan.

“Bir-biriga aloqasi bo‘lmagan turli shaxslar prezidentga emas, aynan Kim Kyon Xiga murojaat qilgan, o‘z istaklarini bildirgan va pul hamda mol-mulk taqdim etgan. Natijada ularning talablari bajarilgan”, deydi maxsus prokuror yordamchisi Kim Xyon Gun.

Kim Kyon Xi o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda. U shu oy boshida bo‘lib o‘tgan sud majlisida jamoatchilikda xavotir uyg‘otgani uchun uzr so‘ragan.

Ma’lumot o‘rnida, lavozimidan ag‘darilgan prezident Yun Sok Yol davlat to‘ntarishi uyushtirishda gumon qilinib sudlanmoqda. U umrbod qamoq yoki hatto o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin. Yun o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda. Ushbu ish bo‘yicha quyi sud qarori 2026 yil 28 yanvar kuni chiqarilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prokuratura joriy oy boshida sobiq birinchi xonim Kim Kyon Xiga nisbatan 15 yillik qamoq jazosini so‘ragandi. U vositachilik qilish va boshqa ayblovlar doirasida pora olganlikda gumon qilinib, hozirda hibsda saqlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

sud Koreya Kim Kyon Xi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing