Koreyadagi shaharchada 17 yil ichida ilk bor chaqaloq tug‘ildi
Olam
−
01 aprel 2710 1 daqiqa
Janubiy Koreyaning kichik bir shaharchasida so‘nggi 17 yil ichida birinchi marta bola tug‘ildi. Bu haqda “Good News Network” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gap Xonson uyezdidagi Inha-myon tumani haqida ketmoqda. U yerda joriy yilning 19 mart kuni mahalliy aholi va Kambodjadan kelgan immigrant ayol oilasida o‘g‘il bola dunyoga kelgan. Yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga markaziy ko‘chaga hatto tabrik banneri ham o‘rnatilgan.
Mahalliy hokimiyat bu voqeani so‘nggi yillarda aholisi keskin kamayib ketgan (2600 kishidan 2000 kishigacha) shahar uchun “maxsus sovg‘a” deb atagan.
Shu bilan birga, aholi yana bir ijobiy belgini qayd etdi: hududdagi yagona maktabga to‘rt nafar yangi o‘quvchi qabul qilingan va bu bilan o‘quvchilarning umumiy soni 17 nafarga yetgan.
Shahar hokimi hokimiyat oilalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish niyatida ekanligini, bu tuman yashash uchun yanada jozibador bo‘lishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy joriy yildan boshlab tug‘uruq bilan bog‘liq barcha tibbiy xarajatlarni davlat byudjeti hisobidan qoplashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi