Koreyada tiqilinchda qurbon bo‘lgan xorijliklarning oilalariga tovon puli to‘lash muhokama qilinmoqda

Olam

image

Koreya Respublikasi hukumati va Seul meriyasi Itxevon hududidagi tiqilinch oqibatida halok bo‘lgan xorijliklarning yaqinlariga tovon puli to‘lash masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda bugun, 31 oktyabr kuni Rossiyaning Janubiy Koreyadagi elchixonasiga tayanib, TASS muxbiri xabar berdi. 

“Ular (Janubiy Koreya rasmiylari – tahr.) hozir bu masalani hal qilmoqda. Seul meriyasi vakillari halok bo‘lgan xorijliklarning oila a’zolari bilan uchrashib, ushbu masalani muhokama qilmoqda”, deydi elchixona konsullik bo‘limi boshlig‘i Denis Abdrashikov. Uning qo‘shimcha qilishicha, Janubiy Koreya rasmiylari hozirda ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan yordam miqdori va shakli haqida qaror qabul qilmoqda. 

Itxevonda Xellouin bayramini nishonlash paytida yuz bergan tiqilinch 154 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, ulardan 26 nafari 14 mamlakatdan kelgan xorijliklar. Unda bir nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidan xabar berilishicha, yana bir nafar o‘zbekistonlik tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.

Mazkur vaziyat elchixona tomonidan nazoratga olingan, marhumning jasadini mamlakatga olib kelish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. 

Shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi joylashgan tibbiyot muassasasi bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya

Baholaganlar

106

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing