Koreyada talaba muzeydagi eksponatni yeb qo‘ydi (foto)
Bu qiziq
−
02 may 2023
22130Seul milliy universiteti talabasi Leyeum san’at muzeyida namoyish qilinayotgan italiyalik rassom Mauritsio Kattelanning ajoyib asari bo‘lgan mevani yeb qo‘ydi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, talaba muzeyda och qolgani uchun mevani yeganini aytgan. Bananni yeb bo‘lgach, talaba uning po‘stlog‘ini devorga yopishtirib qo‘ygan. Keyin devordagi po‘stloq muzey tomonidan yangi bananga almashtirilgan.
“Bu to‘satdan sodir bo‘ldi, shuning uchun hech qanday maxsus chora ko‘rilmadi. Rassom (Kattelan) voqea haqida xabardor qilingan, ammo u bunga hech qanday munosabat bildirmagan", degan muzey vakili.
“Komediyachi” deb nomlangan asar 2019 yil dekabr oyida AQSHdagi san’at yarmarkasida 120 ming dollarga sotilishi bilan san’at olamidagi eng katta virusli lahzalardan biriga aylangan. Yarmarkada asarning yana ikkita nusxasi ham sotilgan. Uning muallifi Kattelan ommabop madaniyatni shubha ostiga qo‘yadigan, ko‘pincha konseptual san’at atrofida bahs-munozaralarni keltirib chiqaradigan satirik asarlari bilan mashhur.
Italiyalik rassom Mauritsio Kattelanning "Komediyachi" asari 16 iyulgacha Janubiy Koreyaning Seul shahridagi Leyeum san’at muzeyida namoyish etiladi. "Komediyachi"dagi banan har 2-3 kunda almashtirib turiladi.
LiveBarchasi