Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Koreya” sammitida 5 ta taklifni ilgari surdi
Jamiyat
−
13:33 937 4 daqiqa
Bugun, 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Prezidenti hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha takliflarni ilgari surgan. Birinchi yo‘nalish hamkorlikni rejalashtirishning uzoq muddatli ufqlarini shakllantirishni qamrab oladi.
“Bugungi zamonaviy dunyodagi global o‘zgarishlar sur’ati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda. Sun’iy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini o‘zgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bog‘liq xavf-xatarlar kelgusi bir necha o‘n yilliklar uchun mo‘ljallangan yechimlarni ishlab chiqishni talab qiladi. Ta’lim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar paydo bo‘lmoqda”, deydi davlat rahbari.
Ushbu tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etilgan.
Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish orqali raqamli kelajak xavfsizligini ta’minlash masalasi ham umumiy e’tibor markazida bo‘lishi lozim. Ikkinchi soha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarni yagona biznes mantig‘i doirasida birlashtirishga qaratilgan.
“Hozirda Markaziy Osiyo faqat xomashyo yetkazib beradigan mintaqa emas. Mamlakatlarimiz innovatsion va texnologik hamkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirib, qo‘shimcha qiymatning global zanjirlariga faol qo‘shilmoqda”, deydi davlat rahbari.
Sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. Ushbu muvofiqlashtiruvchi mexanizmning ta’sis etilishi o‘zaro savdoni sezilarli darajada ko‘paytirish uchun birgalikda samarali yechimlarni topish hamda 2030 yilga borib, mintaqa mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasi bo‘lib xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorlik bildirilgan.
Mamlakatlar hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri sheriklik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani va bunga kelgusi yili Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Koreya uchinchi hududlararo forumida barcha mamlakatlardan mahalliy hokimlik va biznes vakillari ishtirok etishi orqali erishish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Uchinchi yo‘nalish muhim minerallar sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochishga qaratilgan.
“Mazkur qimmatbaho xomashyoga bo‘lgan talab tez o‘sib borayotgani va uning Markaziy Osiyodagi ulkan zaxiralarini hisobga olgan holda, mintaqa jahon bozorida yetakchi yetkazib beruvchilardan biriga aylanishga qodir”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bois, mintaqada ishlab chiqarishning barcha bosqichlari – geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini tashkil etish maqsadida muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirish taklif etilgan.
Hamkorlikning to‘rtinchi yo‘nalishi “yashil” taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Iqtisodiyotlardagi bir-birini to‘ldirib turuvchi imkoniyatlarni birlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish taklif etilgan.
Beshinchi yo‘nalish yosh avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.
Markaziy Osiyo – alohida demografik energiyaga ega bo‘lgan mintaqa bo‘lib, aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
“Biz uchun yosh avlod ilg‘or bilimlar, ko‘nikmalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega bo‘lib, kelgusida zamonaviy texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhim”, deydi mamlakat yetakchisi.
Shu munosabat bilan inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etilgan. Ushbu hamkorlik “buyurtma – o‘qitish – bandlik” degan aniq tamoyilga asoslanishi kerak.
Ayniqsa, sun’iy intellekt texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning tutgan o‘rni juda muhim. Shu bois, Prezident Li Chje Myonning “O‘xshashi yo‘q Koreya” doktrinasini ushbu keng ko‘lamli jarayon uchun Markaziy Osiyodagi asosiy tayanch maydonlardan biriga aylantirish taklif etilgan.
Yakunda O‘zbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqada yashay boshlaganining 90 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekani ta’kidlangan.
Sammitda boshqa yetakchilar ham so‘zga chiqqan. Tadbir yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga taalluqli boshqa qator hujjatlar qabul qilingan.
Live
Barchasi