Koreya Prezidenti rafiqasi atrofidagi mojarolar uchun uzr so‘radi
Olam
−
09 noyabr
6463Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi atrofidagi qator mojarolar uchun uzr so‘radi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident Yun Sok Yol televideniye orqali xalqqa murojaatida rafiqasi Kim Keon Xi o‘zini yaxshiroq tutishi zarurligini bildirgan. Shuningdek, turmush o‘rtog‘iga qarshi ba’zi da’volar bo‘rttirilganini ta’kidlagan.
Shuningdek, Prezident birinchi xonimning rasmiy vazifalarini nazorat qilish uchun ofis tashkil etishini aytgan, biroq uning faoliyatini tekshirish taklifini rad etgan.
Ma’lumot uchun, 2023 yil oxirida “Voice of Seul” YouTube kanalida yashirin kamera orqali olingan video e’lon qilingandi. Unda Kim 2022 yil sentyabr oyida 3 million von (2200 dollar) miqdoridagi Dior sumkasini qabul qilgani aks etgan.
Joriy yil fevral oyida Prezident bu kadrlar siyosiy maqsadda sizdirilganini ta’kidlab, uzr so‘rashdan bosh tortgan.
Mazkur voqea Yunning partiyasi ichida ham kelishmovchiliklar keltirib chiqargan. Xususan, yetakchilardan biri birinchi xonimni o‘zining hashamatli turmush tarzi bilan mashhur bo‘lgan Fransiya qirolichasi Mariya Antuanetta bilan qiyoslagan. Bundan tashqari, muxolifat partiyasi ham uzoq vaqtdan beri Kim Xini aksiyalar narxini manipulyatsiya qilishda ayblab keladi. 2024 yil boshida Yun rafiqasini ushbu ayblovlar bo‘yicha tergov qilishni talab qiluvchi qonun loyihasiga veto qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada prokurorlar Kim Keon Xiga 2022 yilda koreys millatiga mansub amerikalik pastor (ruhoniy) Choy Chje Yondan hashamatli, 2,2 ming dollarlik Dior sumkasini qabul qilgani uchun qo‘yilgan korrupsiya bilan bog‘liq ayblovni olib tashlashga qaror qilgandi.
LiveBarchasi