Konstitutsiyaviy komissiya Qoraqalpog‘istondagi vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat berishi aytildi

Jamiyat

image

Shu kunlarda Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ro‘kach qilib, namoyishlar o‘tkazilayotgani yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya rasmiy munosabatini beradi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.

“Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari ham vaziyatni diqqat bilan kuzatdi, tarmoqda yangrayotgan fikrlarni tahlil qilib bordi. Bir guruh populistlar provakatsion harakatlar natija berishidan umid qilib, shiorbozlikka berilib, xalqni ko‘chaga chiqishga chorladi”, deydi Odiljon Tojiyev.

Ta’kidlanishicha, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan taqdim qilingan qonun loyihasi oxir-oqibat  O‘zbekiston xalqining, jumladan, qoraqalpoqlarning ham orzu-intilishlari ifodasi bo‘ladi. Ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga uringan ig‘vogarlar qoraqalpoq xalqining umumiy fikrini ifoda qilmaydi. 

“Hujjat tor doirada muhokama qilinmayapti, umumxalq muhokamasi o‘tkazilyapti. Shu omilning o‘ziyoq davlatning ochiqlik siyosati, har bir ishda xalq fikri bilan hisoblashishini ko‘rsatadi. Demokratiya va oshkoralikni ommaviy tartibsizlikka aylantirish qanday oqibatlarga olib kelganiga hozir o‘nlab misollab keltirishim mumkin. Lekin, shusiz ham hammasini his qilib turibsiz, deb o‘ylayman”, deya qo‘shicha qildi komissiya vakili.

Qayd etilishicha, komissiya ushbu holatga doir rasmiy munosabatini beradi. 

“Biz bu vaziyatga yanada jiddiy yondashishimiz lozimligini tobora ravshanroq tushunayapmiz”, deya xulosa qilgan Odiljon Tojiyev.

Eslatib o‘tamiz,1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirgan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'iston Konstitutsiyaviy komissiya

Baholaganlar

631

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing