Kongressmenlar TikTok'ni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi
Olam
−
14 mart
2792AQSH Kongressining Vakillar palatasi (quyi palatasi) TikTok ijtimoiy tarmog‘i unga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasidan ajratilmasa, mamlakatda undan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “CNN” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasi ByteDance'ga TikTok'ni sotish uchun besh oy muddat beradi. Agar bu bajarilmasa, ilova App Store’dan olib tashlanishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, ilovani o‘rnatganlar undan foydalanishda davom etishi mumkin, biroq u yangilanmaydi. Vakillar palatasi TikTok milliy xavfsizlikka tahdid soladi, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Xitoy hukumati ByteDance'ni ilovaning amerikalik foydalanuvchilari ma’lumotlarini topshirishga majbur qilishi mumkin.
352 nafar qonunchi tashabbusni yoqlab ovoz berdi. Demokratik partiyaning 50 nafar va Respublikachilar partiyasining 15 nafar vakili qarshi ovoz bergan.
Endi hujjat Kongress Senatiga (yuqori palatasi) yuboriladi. Agar ma’qullansa, u imzolash uchun AQSH Prezidenti Jo Baydenga jo‘natiladi.
ByteDance TikTok'ni sotishga rozi bo‘ladimi yoki yo‘qmi noma’lum. Agar shunday bo‘lsa, kompaniya ilovaning mashhurligiga qaramay, amerikalik xaridorni topishga qiynaladi. Amerikalik tahlilchilarning fikricha, TikTok 100 milliard dollarga baholanmoqda. AQSHning ko‘plab yirik texnologik kompaniyalari bunday yirik xaridni amalga oshirishga qiynalishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp TikTok'ning AQSHda taqiqlanishiga yo‘l ochadigan qonun loyihasini tanqid qilgandi. Amaldagi Prezident Jo Bayden esa qonun ungacha yetib kelsa, uni kuchga kiritishini bildirgandi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi