Kongress Davlat departamentiga shart qo‘ydi: Rossiya terrorizm homiylari ro‘yxatiga kiritilishi kerak
Olam
−
21 iyul 2022
5242Agar AQSH Davlat departamenti Ukrainadagi voqealar tufayli Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan olmasa, bu ishni Kongress amalga oshiradi. Bu haqda Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida so‘z ochgan, deb xabar bermoqda “Politico” gazetasi.
Nashrga ko‘ra, spiker va Amerika diplomatiyasi rahbari o‘rtasidagi suhbat shu hafta boshida bo‘lib o‘tgan. Blinken va Pelosining vakillari bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortgan.
Gazetaning eslatishicha, Kongress Davlat kotibiga ayrim mamlakatlarni AQSHning terrorizm homiylari davlatlari ro‘yxatiga kiritish huquqini bergan. Shunisi ahamiyatliki, qonun chiqaruvchilar Davlat departamenti ishtirokisiz ham buni amalga oshirishga imkon beradigan tashabbus ko‘rsatishi mumkin edi.
“Kongress Rossiyani terrorizmning homiysi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qonunni samarali qabul qila olmasligi uchun hech qanday qonuniy asos yo‘q”, deydi gazeta bilan gaplashgan manba.
“Politico” nashriga ko‘ra, Davlat departamenti hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriyani o‘z ichiga olgan ushbu ro‘yxatga Rossiyani qo‘shishga anchadan beri shubha bilan qaragan.
“Biz kiritgan sanksiyalar terrorizmning davlat homiylari ro‘yxatiga kiritilishi bilan bir xil qadamlardir”, deygan edi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays aprel oyida bo‘lib o‘tgan brifingda.
Uning xabar berishicha, Vashington ma’muriyati Rossiya ushbu ro‘yxatga kiritish mezonlariga javob beradimi yoki yo‘qligini o‘rganishda davom etmoqda.
Shu bilan birga, bir qator ekspertlarning fikriga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining ushbu ro‘yxatga kiritilishi Amerika shaxslari uchun Rossiya bilan barcha operatsiyalarni amalda imkonsiz qiladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova avvalroq AQSHning Rossiya Federatsiyasini terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish tashabbusini “ahmoqona chora” deb atagandi. Diplomat bu javobsiz qolmasligini qayd etgan.
LiveBarchasi