Kongoda xavfli virus tarqaldi. Kasallanganlarning yarmidan ko‘pi vafot etdi
Olam
−
08 Sentabr 3593 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining Kasai viloyatida Ebola virusi bilan bog‘liq kasallik avj oldi. Bu haqda mamlakat hukumatiga tayangan holda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.
Tashkilotga ko‘ra, 4 sentyabr kuni 28 nafar odamning ushbu kasallikka chalingani tahmin qilingan va ularning barchasida ushbu virus aniqlangan. Kasallanganlardan 15 nafari vafot etgan, ular orasida to‘rt nafar tibbiyot xodimi ham bor. Kinshasa shahridagi Milliy biotibbiy tadqiqotlar institutining tekshiruvlariga ko‘ra, kasallikning sababi Ebolaning Zair shtammi ekani tasdiqlangan.
Kasai viloyatiga tezkor guruh yuborilgan, ular orasida JSST mutaxassislari ham bor. Ular epidemiologiya, infeksiya nazorati, laboratoriya va davolash ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, aholiga tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Viloyatga shaxsiy himoya vositalari, mobil laboratoriya jihozlari va tibbiy materiallar yetkazilmoqda, biroq yo‘l ko‘proq vaqt olishi hamda havo qatnovi cheklangani sabab Kasaiga kirish qiyinlashgan.
JSSTning Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Muhammad Janabi virus tarqalishini tezda to‘xtatish va aholining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilayotganini aytgan. Mamlakatda Ebolaga qarshi kurashish uchun Ervebo vaksinasi va dorilar zaxirasi bor, tez orada ular Kasai viloyatiga yetkazilib, tibbiyot xodimlari va kasallanganlar emlanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kongoda oxirgi Ebola avjlanishi 2022 yil aprelida Ekvator viloyatida kuzatilib, uch oydan kam muddatda bartaraf etilgan. Kasai hududida esa 2007 va 2008 yillarda kasallik qayd etilgan, 1976 yildan beri mamlakatda jami 15 ta avjlanish ro‘y bergan.
Ma’lumot uchun, Ebolaning asoratlari – yuqori isitma, qusish, diareya va qon ketishilar. Virus 1976 yilda Afrikada ilk bor qayd etilgan bo‘lib, bemor yoki hayvon qoni va suyuqliklari orqali yuqadi hamda ko‘pincha o‘limga olib keluvchi og‘ir isitmani qo‘zg‘atadi. Zair shtammiga qarshi Ervebo vaksinasidan foydalanish mumkin, asosiy choralar esa erta aniqlash va tarqalishni qat’iy nazorat qilishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil boshidan buyon Afrika mamlakatlarida 205 mingta xolera kasalligini yuqtirish holati qayd etilib, o‘lim darajasi 2,1 foizga yetgani haqida xabar berilgandi. Xolera qurbonlarining asosiy o‘lim sababi organizmning suvsizlanishi bo‘lgan.
Live
Barchasi