Afrikadagi 23 mamlakatda xavfli kasallik tarqaldi

Olam

image

2025 yil boshidan buyon Afrika mamlakatlarida 205 mingta xolera kasalligini yuqtirish holati qayd etildi, o‘lim darajasi 2,1 foizga yetdi. Bu haqda Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markaziga (Africa CDC) xabar berdi.

O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,9 foizni tashkil etgan. Africa CDC vakili Ngashi Ngongoning aytishicha, bu o‘rtacha ko‘rsatkich, ammo mahalliy sharoit og‘ir bo‘lsa, o‘lim darajasi bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Xolera qurbonlarining asosiy o‘lim sababi organizmning suvsizlanishi bo‘lgan. Ko‘pincha bu kasallik toza ichimlik suvi topa olmaydigan kambag‘al va ijtimoiy himoyasiz qatlamlar orasida tarqaladi.

BMT Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) ogohlantirishicha, g‘arbiy va markaziy Afrikada yomg‘irlar mavsumi boshlanishi bilan 80 mingdan ortiq bola xolera yuqtirish xavfi ostida qolgan. Kuchli yomg‘ir sababli hojatxonalardan oqib chiqqan axlatlar quduqlar va ko‘plab afrikaliklar suv oladigan daryolarga tushmoqda.

Africa CDC vakillarining aytishicha, Afrikada sanitariya infratuzilmasiga yetarlicha sarmoya kiritilmayapti. Masalan, Janubiy Sudanda aholining atigi 16 foizida sanitariya sharoitlari mavjud. Sudanda esa faqat 35 foiz aholi toza ichimlik suvidan foydalana oladi.

Africa CDC bosh direktori Jan Kaseya Afrikadagi davlat rahbarlari bilan uchrashuvda xoleraga qarshi vaksina ta’minoti yetarli emasligini tanqid qilgan. Uning aytishicha, yiliga 54 million doza kerak bo‘ladi, lekin uning faqat yarmigina yetkazib berilmoqda.

Vaziyat ayniqsa mojarolar davom etayotgan hududlarda, masalan, Kongo sharqida yoki Sudanda murakkab, chunki bunday joylarda ko‘ngillilar ishlashi xavfli hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, xolera o‘ta xavfli, tez tarqaladigan ichak infeksiyasi bo‘lib, u odam tanasiga Vibrio cholerae nomli bakteriya tushishi oqibatida kelib chiqadi. Asosan iflos suv yoki oziq-ovqat orqali yuqadi.

Kasallikning asosiy belgisi – juda kuchli suvdek ich ketishi va qusish, buning oqibatida organizm tezda suvsizlanadi. Agar o‘z vaqtida davolash chorasi ko‘rilmasa, xolera bir necha soat yoki kun ichida o‘limga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari o‘rinbosari Nado al-Noshif har yili 1,4 millionga yaqin inson iflos suv va sanitariya sharoitlarining yo‘qligi oqibatida yuzaga keladigan yuqumli kasalliklar – xolera, diareya va tif kabilar tufayli vafot etishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afrika xolera Ngashi Ngongo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing