Dunyoda 2 milliarddan ortiq odam toza ichimlik suviga ega emas – BMT

Olam

image

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ortiq odam toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 3,4 milliard kishi esa yetarli sanitariya sharoitlariga ega emas. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti xabar berdi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari o‘rinbosari Nado al-Noshifning so‘zlariga ko‘ra, har yili 1,4 millionga yaqin inson iflos suv va sanitariya sharoitlarining yo‘qligi oqibatida yuzaga keladigan yuqumli kasalliklar – xolera, diareya va tif kabilar tufayli vafot etadi.

Ba’zi past daromadli mamlakatlarda bu boradagi o‘lim darajasi rivojlangan mamlakatlardagidan deyarli 500 barobar yuqori.

Qarzdorlik inqiroziga tushib qolgan rivojlanayotgan mamlakatlar ichimlik suvi ta’minoti tizimiga sarmoya kiritish imkoniga ega emas. Rivojlangan mamlakatlarda esa suv to‘lovlari ko‘plab oilalar uchun og‘ir yukka aylanmoqda.

“Suv – bu ommaviy ne’mat, tovar emas”, deydi Nado al-Noshif.

Uning aytishicha, suv bo‘lmasa, odamlarning yashash, sog‘liq, oziqlanish, mehnat qilish va sog‘lom atrof-muhitda yashash huquqlari xavf ostida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston poytaxti Qobul aholisi 2030 yilgacha ichimlik suvidan butunlay mahrum bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi. Mercy Corps nodavlat gumanitar tashkilotining hisobotiga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda Qobul atrofidagi yerosti suv qatlamlarida suv sathi 30 metrga pasaygan. Shahardagi quduqlarning deyarli yarmi qurib qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

ichimlik suvi Birlashgan Millatlar Tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing