Kongoda qamoqxonadan qochishga uringan 129 mahkum halok bo‘ldi
Olam
−
03 Sentabr
8322Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) poytaxti Kinshasadagi Makala markaziy qamoqxonasidan qochishga uringan kamida 129 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” nashri xabar berdi.
Ichki ishlar vaziri Shabani Lukuga ko‘ra, 24 kishi otib o‘ldirilgan, boshqalari olomon orasida bo‘g‘ilib qolishi oqibatida vafot etgan. Mahkumlar ma’muriy binoni, shu jumladan shifoxonani yoqib, uni portlatishga harakat qilgan.
“Hozircha qurbonlar soni 129 kishi, jumladan, ogohlantirishdan keyin otilganlar 24 nafar. Bundan tashqari, 59 ga yaqin odam yaralangan”, deydi vazir Luku.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mahkumlarning ushbu harakatlari katta moddiy zarar va xavfsizlik xizmatlari bilan to‘qnashuvga sabab bo‘lgan, hozirda tinchlik o‘rnatilgan.
Qayd etilishicha, endilikda mahkumlarni qamoqxonadan ko‘chirish taqiqlangan va yangi mahkumlar uchun boshqa qamoqxona qurish belgilangan.
Ma’lumot uchun, Makala qamoqxonasi KDRdagi eng katta qamoqxona bo‘lib, 1500 mahkumni saqlash uchun mo‘ljallangan. Hozirda unda 14-15 ming atrofida jazoni o‘tayotgan va sud jarayonini kutayotganlar saqlanmoqda. Qamoqxonada oldin ham bu kabi holatlar qayd etilgan. Jumladan, 2017 yil qurollangan shaxslar hujumi oqibatida 4000 dan ortiq mahkum muassasadan qochib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federal Jazoni ijro etish xizmatining Volgograd viloyatidagi 19-koloniyasida intizomiy komissiya yig‘ilishida mahkumlar qamoqxona xodimlarini garovga olgan edi. Keyinchalik xodimlarni garovga olgan 4 nafar mahkum maxsus kuchlar tomonidan yo‘q qilindi.