Kongoda Ebola tekshiruvlari vaqtincha to‘xtatildi
Olam
−
11 iyun 1173 1 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasidagi uchta laboratoriyada Ebola virusini aniqlash bo‘yicha testlar jihozlar yetishmasligi sababli vaqtincha to‘xtatilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Joriy yilning 7 iyun kuni JSST e’lon qilgan hisobotda aytilishicha, Janubiy Kivu viloyatidagi Bukavu va Lviro hamda Shimoliy Kivu viloyatidagi Goma laboratoriyalarida test reaktivlari zaxirasi tugagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, laboratoriyalar to‘plangan namunalarni tekshirishni davom ettirish uchun zarur reaktivlar yetkazib berilishini kutmoqda. JSST esa reaktivlar qachon yetib kelgani yoki qancha namuna navbatda turgani bo‘yicha aniq ma’lumot bermagan.
Kongo hukumati ma’lumotiga ko‘ra, epidemiya oqibatida qariyb 600 ta tasdiqlangan kasallanish holati va 115 dan ortiq o‘lim qayd etilgan. Ugandada ham 19 ta holat va 2 ta o‘lim aniqlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, test jarayonlarining sekinlashishiga yana bir sabab – dastlabki testlar virusning “Bundibugio” shtammini to‘liq aniqlay olmaganidir.
Professor Jan-Jak Mvembe esa epidemiyaga qarshi kurashda aholi bilan ishlash va ishonchni oshirish yetarli darajada amalga oshmayotganini aytib, bu borada muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasi sharqida Ebola virusi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat keskinlashib, mahalliy aholi Ebola qurbonini dafn etayotgan tibbiy brigadaga hujum qilib, tobutni tashlab ketishga majbur qilgani va marhumning jasadiga tegingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi