Kongoda harbiy samolyot qulab tushdi. Bortdagilarning barchasi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
21:54 855 1 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasida harbiy samolyot halokatga uchrashi oqibatida bortdagi 13 kishining barchasi halok bo‘ldi. Bu haqda kecha, 25 sentyabr kuni “Reuters” xabar berdi. https://www.reuters.com/world/africa/congo-military-plane-crash-kills-13-including-three-officers-official-says-2026-09-25/
Qayd etilishicha, samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Kikvit shahridan poytaxt Kinshasaga uchayotgan vaqtida texnik nosozlik yuzaga kelgan. Shundan so‘ng uchuvchi samolyotni Kongo Demokratik Respublikasining Kvango provinsiyasidagi Kenge shahriga qo‘ndirishga uringan. Biroq shaharda uchish-qo‘nish yo‘lagi bo‘lmagani sababli samolyot aholi yashash hududiga qulagan.
Kvango provinsiyasi vitse-gubernatori Remi Saki Bokinda ma’lum qilishicha, samolyot bortida Kongo armiyasi Bosh inspektori general Likulia Bakumi va boshqa harbiy xizmatchilar hamda tinch aholi vakillari bo‘lgan.
Jami 13 kishi bo‘lgan samolyot bortidagi barcha yo‘lovchilar halok bo‘lgan. Bildirilishicha, qurbonlar orasida 3 nafar harbiy ofitser – general, mayor va kapitan ham bor.
“Bortdagi barcha odamlar halok bo‘lgan. Ulardan 12 nafari tanib bo‘lmas darajada kuygan, uchuvchining jasadi esa samolyot tashqarisidan topilgan”, degan Bokinda.
Hukumat bayonotiga ko‘ra, Kongo aviatsiya hodisalarini tergov qilish organi halokat sabablarini aniqlash uchun tekshiruv boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruning Naska provinsiyasiga qarashli Pueblo-Vexo hududida bortida sayyohlar bo‘lgan samolyot halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi.