Peruda sayyohlar samolyoti qulab tushdi. Bortdagilarning barchasi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
02 avgust 6382 1 daqiqa
Kecha, 1 avgust kuni Peruning Naska provinsiyasiga qarashli Pueblo-Vexo hududida bortida sayyohlar bo‘lgan samolyot halokatga uchradi. Oqibatda 11 nafar yo‘lovchi, uchuvchi va yo‘l ko‘rsatuvchi halok bo‘ldi. Bu haqda TVPeru telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, halokat Mariya-Reyxe aerodromi yaqinida sodir bo‘lgan. Aerodian kompaniyasining samolyoti Naska chiziqlari ustidan sayyohlik parvozini amalga oshirish uchun Piskodan uchib chiqqan. 50 daqiqadan so‘ng ekipajdan favqulodda vaziyat haqida xabar kelib tushgan va bu haqda zudlik bilan qutqaruvchilar hamda o‘t o‘chiruvchilarga ma’lum qilingan. Ammo oradan bir daqiqa o‘tib, radioaloqa butunlay uzilib qolgan.
“Voqea joyiga yetib borgan qutqaruv brigadalari tirik qolganlar yo‘qligini tasdiqlashdi va samolyot yong‘in sababli to‘liq vayron bo‘lganini aniqladi”, deyiladi RPP nashri xabarida.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bortdagi sayyohlar orasida yetti nafari italiyalik, ikki nafari germaniyalik va ikki nafari ispaniyalik bo‘lgan. Ekipajning ikkala a’zosi esa perulik bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning eng kichigi 18 yoshda, eng keksasi esa 78 yoshda bo‘lgan.
Halokatga sababi hozircha noma’lum. Peru operativ xizmatlari aviahalokat yuzasidan tergov boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada yengil motorli samolyot Bremen yaqinidagi aholi yashaydigan uyga urilib, halokatga uchragan edi. Hodisa joyida erkak kishining, taxminlarga ko‘ra uchuvchining jasadi topilgan.
Live
Barchasi