Kommunal xo‘jaligi xodimlari uchun yangi unvon ta’sis etildi

Jamiyat

image

Kecha, 8 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

Qonun bilan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim” faxriy unvoni o‘rniga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan kommunal xo‘jaligi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish belgilanmoqda.

Mazkur faxriy unvon kommunal xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, ko‘p yillik samarali mehnati, yuksak kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidokorligi bilan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirishga alohida hissa qo‘shgan xodimlarga beriladi.

Shuningdek, Qonun bilan yangi faxriy unvon ko‘krak nishonining tavsifi ham tasdiqlanmoqda. Unda kommunal xo‘jaligi sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ramzlar aks ettirilgan.

Senatorlarga ko‘ra, mazkur unvonning ta’sis etilishi kommunal xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan xodimlarning fidokorona mehnatini munosib qadrlash, ularni rag‘batlantirish hamda kasbiy nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida bolaga otasining ismini familiya sifatida berish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing