Putin Akayevga unvon berdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonning sobiq rahbari Asqar Akayevga “Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvonini berdi. Bu haqda Prezidentning tegishli farmoni e’lon qilindi.

“Putin Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, Moskva davlat universiteti professori Asqar Akayevga “Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvonini berdi”, deyiladi farmonda.

Hujjatga ko‘ra, Akayev yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari, ilmiy-pedagogik faoliyati va ko‘p yillik vijdonli mehnati uchun unvon bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, Asqar Akayev Qirg‘izistonning birinchi prezidenti. U mamlakatni 1990 yildan 2005 yilgacha boshqargan. 2005 yil 24 martdagi “Lola inqilobi” oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Shundan buyon u Rossiyada yashaydi.

Akayev rahbarligi mamlakatda korrupsiya, hokimiyatni tortib olish, shuningdek, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Bospiyek qishlog‘ida o‘tkazilgan tinch mitingda fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani bilan yodda qolgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Asqar Akayev 2005 yil Qirg‘izistonda yuz bergan “Lola inqilobi”ni AQSH uyushtirganini da’vo qilib, davlat to‘ntarishining juda arzonga tushganini aytgan edi. Akayevga ko‘ra, “rangli inqiloblar” AQSH tomonidan turli mamlakatlardagi ularga yoqmagan rahbarlarni almashtirish uchun qo‘llanadi. Uning aytishicha, AQSH Akayevni ikki sababga ko‘ra yoqtirmay qolgan: birinchidan, u 2003 yilda AQSH xohishiga qarshi Qirg‘izistonda Rossiya aviabazasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqani; ikkinchidan esa, 2004 yilda “Manas” xalqaro aeroportida AQSHning kuzatuv samolyoti “Avaks”ni joylashtirishni rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin unvon Asqar Akaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing