O‘zbekistonda ekologlar uchun ham yangi unvon ta’sis etiladi
Jamiyat
−
20 Sentabr
1601“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etilishi taklif qilindi. Bu haqda kecha, 19 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirilgan.
Shu bilan birga, atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Shuningdek, endilikda daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor" faxriy unvoni ta’sis etilgan va bu unvon birinchi bo‘lib Jizzaxlik tadbirkor gulchi ayol Sharofat Noriyevaga topshirilgandi.
LiveBarchasi