O‘zbekiston va Xitoy afg‘on xalqiga yordam bermoqchi
Jamiyat
−
07 Oktabr 2021
6347Kecha, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yan bilan afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlar hamda Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.
Tomonlar suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalarning ayrim jihatlariga e’tibor qaratgan.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishini o‘zining tashqi siyosatdagi asosiy vazifalaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Xususan, bugun, 7 oktyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiya Afg‘onistonda “Tolibon” vakillari bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida tomonlar tranzit, energetika, savdo kabi bir qator sohalardagi o‘zaro hamkorlikni muhokama qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman boshchiligidagi delegasiya vakillari bilan uchrashib, Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashgan edi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish hamda qo‘shni mamlakatda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishi va uning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholangandi.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
LiveBarchasi