Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi

3-sahifa

image

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi. Bu haqda "Ozodlik" xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, bugun, 26 oktyabr kuni Toshkent viloyati Qibray tumanidagi uyi yaqinida Komil Allamjonov qurolli hujumga uchragan. Ikki noma’lum shaxs u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzib, hodisa joyidan yashiringan. Xabarda aytilishicha, Allamjonovga zarar yetmagan.

Yana bir manbaning aytishicha, hodisa Allamjonov o‘zining shaxsiy avtomashinasida Qibray tumanidagi uyi yaqinidagi poyezd yo‘lidan o‘tayotganida sodir bo‘lgan.

“Qorong‘uda yo‘l chetida mashinani kutib turgan mototsikldagi ikki shaxs mashinaga “Makarov” pistoletidan besh marta o‘q uzgan va qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Allamjonov va haydovchisi zarar ko‘rmagan, lekin mashinada o‘q izlari bor. Hozir kameralar “ko‘tarilib”, hujum qilganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha ish olib borilyapti”, degan u.

Ma’lumot uchun, Allamjonov  1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va 2024 yil sentyabrgacha ishladi.

Eslatib o‘tamiz, Allamjonov  Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilgach, faoliyatini xususiy sektorda davom ettirishini aytgandi


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing