Komil Allamjonov qayerga ketgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

 

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etilgan Komil Allamjonov faoliyatini xususiy sektorda davom ettiradi. Bu haqda u bugun, 30 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Mirziyoyeva Allamjonovga fidokorona xizmati va professionalizmi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi hamda kelgusidagi har qanday faoliyatida ham omad yor bo‘lishini tiladi. 

 

“Hurmatli Saida Shavkatovna, iliq so‘zlaringiz uchun cheksiz minnatdorchilik bildiraman. Mamlakatimiz manfaati yo‘lida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xizmat qilish imkoniyati va bildirilgan ishonch uchun chin yurakdan minnatdorman. Men davlatimiz rahbari belgilab bergan maqsadlar va g‘oyalarga sodiqligimni yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchiman. Siz bilan birga ishlab, katta natijalarga erishganimizdan faxrlanaman. Men xususiy sektorda  faoliyatimni davom ettirib, iqtisodiyotning muhim sohalariga zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirmoqdaman. Bu orqali yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish niyatim bor. Yana bir bor sizga katta rahmat”, degan Komil Allamjonov.

Ma’lumot uchun, Komil Allamjonov mamlakat siyosiy doirasidagi eng yosh amaldorlardan biri edi. U 1984 yilning 18 sentyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ilk faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi – “Yoshlar” teleradiokanalining “Davr” informatsion ko‘rsatuvida boshlagan.

Uning nazarga tushishi 2005-2013 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlagan davri bilan bog‘liq. Allamjonov 2017 yilning 1 dekabridan 2018 yilning 3 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi lavozimida faoliyat yuritgan.

2018 yilning 29 noyabr kuni u Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. 2020 yilning yanvar oyida ushbu lavozimni tark etdi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi bo‘ldi. 2022 yil iyulda esa Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 2023 yil avgust oyida esa u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va hozirgacha shu lavozimda ishlab kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing