“Kolya Qirg‘iz”ga  aloqador oilaning kirdikorlari ochildi

Olam

image
Qamoqqa tushgani hatto AQSHni quvontirgan “Kolya Qirg‘iz” kim edi? north_east

Qamoqqa tushgani hatto AQSHni quvontirgan “Kolya Qirg‘iz” kim edi?

Qirg‘izistondagi jinoiy to‘daning o‘ldirilgan boshlig‘i Qamchibek Asanbek (Qamchi Ko‘lboyev – Kolya Qirg‘iz)ga  aloqadorlikda gumonlanib, “Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi Tursuntoy Salimov hibsga olindi, uning o‘g‘li Ilshat esa qidiruvga berildi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar bermoqda.

Ilshat Salimovga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 263- (uyushgan guruhlar va jinoiy jamoalarni moliyalashtirish)  va 224- (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, ehtiyotsizlik tufayli og‘ir zarar yetkazgan holda shantaj qo‘llash yoki zo‘ravonlik qo‘llash tahdidi bilan bitimni bajarishga majburlash yoki uni tugatishdan bosh tortish) moddalari bilan sirtdan ayblov e’lon qilingan. 

Ilshat Salimov “Kolya Qirg‘iz”ning uyushgan jinoiy guruhi a’zolarini moliyalashtirish, shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan shug‘ullangan.

Maxsus xizmatlar ma’lumotlariga ko‘ra, kichik Salimov kriminal avtoritetning ta’siridan foydalanib, tahdidlar yo‘li bilan o‘z sheriklarini turli biznes loyihalaridagi ulushlaridan noqonuniy ravishda mahrum qilgan. Shundan so‘ng u foydadan yer uchastkalarini sotib olib, ulushli ishtirok niqobi ostida keyinchalik Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhiga homiylik qilgan.

Ilshat Salimovning qurilish kompaniyalarida ulushlari bor, xususan, u Bishkekda umumiy maydoni 3 gektardan ortiq bo‘lgan qimmatbaho yer uchastkalariga egalik qiladi. Bundan tashqari, qurilish kompaniyalari 110 dan ortiq xonadonli (11 ming kvadrat metr) ko‘p qavatli uylar qurmoqda. Qurilayotgan binolarning umumiy qiymati qariyb 12 mln dollarga baholanadi.

Qayd etish joizki, Salimovlar oilasi Qamchi Ko‘lboyevning homiyligidan faol foydalangan va uning ko‘magida barcha qurilish loyihalari amalga oshirilgan.

1995 yilda “Madina” MCHJ (egasi Tursuntoy Salimov) “Qirg‘iz kamol-to‘qimachilik fabrikasi” AJdan “Vostok-5” mikrorayon, 18/1-uydagi sobiq 155-sonli bolalar bog‘chasi binosini olgan, hozirda “Prado” dam olish maskani shu yerda joylashgan. Ob’ektning qiymati 5 million dollarni tashkil etadi. Maktabgacha ta’lim muassasasini xususiylashtirish tartibi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan.

“Keyinchalik Tursuntoy va Ilshat Salimovlar noqonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan mulklarini qonuniylashtirish maqsadini ko‘zlab, qurilish tashkilotlaridan biri bilan yuqori sifatli ko‘p qavatli uy qurish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ko‘p qavatli uy qurilishini boshlash shartlaridan biri turarjoy binosi qurilishini yakunlash kafolati sifatida qurilish kompaniyasi tomonidan qimmatbaho kvartira (narxi: 500 ming dollar) taqdim etilishi bo‘ldi. Keyinchalik, sobiq bolalar bog‘chasi hududida turarjoy binosi qurish uchun ruxsatnomalar olishning iloji yo‘qligi sababli shartnoma bekor qilindi. Biroq Ilshat Salimov berilgan kvartirani qaytarishdan bosh tortgan va Qamchibek Asanbek bilan birgalikda tadbirkorlarga bosim o‘tkazib, o‘zgalarning mulkini noqonuniy egallab olgan”, deyiladi xabarda.

Keyinchalik bu kvartira Cho‘lpon-Ota shahridagi yer uchastkasiga almashtirilgan, u yerda sobiq Zodiac kazinosi o‘rnida savdo markazi qurilgan.

Bundan tashqari, ta’sischilaridan biri Ilshat Salimov bo‘lgan guruh “Qirg‘iz kamol fabrikasi” OAJdan umumiy maydoni 4,5 gektar bo‘lgan, qariyb 11,5 million dollarlik omborxonani noqonuniy ravishda olib qo‘ygan.

“Ushbu faktlar bilan birga Salimovlar oilasining Qamchibek Asanbek va uning jinoiy guruhining noqonuniy faoliyatiga aloqadorligi to‘g‘risida rad etib bo‘lmas dalillar qo‘lga kiritildi. Xususan, Ilshat Salimovning Kogonat markaziy tashkilotidagi 600 ming dollarlik kotteji Qamchibek Asanbek yozgi uyi yonida joylashgan. Shuningdek, Kaganat kurort markazida 700 ming dollarga yana bir kottej qurilmoqda”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida.

Bundan tashqari, Ilshat Salimovning shahar markazida umumiy qiymati qariyb 700 ming dollarlik bir nechta qimmat xonadonlari bor va yuk tashish, umumiy ovqatlanish, qurilish va boshqa faoliyat turlariga ixtisoslashgan bir qancha turli MCHJlar egasidir.

Hozirda u qidiruvda. Salimovlar oilasining jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan qo‘shimcha mol-mulkini aniqlash bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ilshatning otasi Tursuntoy Salimov qo‘lga olinib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga joylashtirilgan. 9 oktyabr kuni qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida “Madina” asoschisiga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 261-moddasi “Uyushgan guruh tuzish yoki unda ishtirok etish” bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Shu kuni Pervomay tuman sudi uni 4 dekabrga qadar hibsda saqlashga qaror qilgan. Ertasi kuni esa Tursuntoy Salimov davolanish uchun “Bikard” xususiy klinikasiga o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Kolya Qirg'iz Tursuntoy Salimov Ilshat Salimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing