Qamoqqa tushgani hatto AQSHni quvontirgan “Kolya Qirg‘iz” kim edi?

Tahlil

image

Jinoyat olamida “Kolya Qirg‘iz” nomi bilan tanilgan qirg‘izistonlik taniqli kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek uluu Ko‘lboyev) joriy yilning 4 oktyabr kuni Bishkekda Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya vaqtida halok bo‘ldi. Uzoq yillik “jinoiy karera”ga ega bo‘lgan “qonundagi o‘g‘ri” (“vor v zakone”) 49 yoshida xavfsizlik xodimining o‘qidan o‘ldi. Quyidagi maqolada nafaqat Qirg‘iziston, balki MDH davlatlarida ham nom chiqargan jinoyatchining kriminal olamda bosib o‘tgan yo‘li haqida hikoya qilinadi.

Oilasi va bolaligi 

Qamchibek Asanbek o‘g‘li Ko‘lboyev 1974 yil 3 avgustda Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida milliy sport turlari bo‘yicha respublikada xizmat ko‘rsatgan murabbiy Asanbek Ko‘lboyev va Maya Aliyeva oilasida tug‘ilgan. Uning ota-onasi jinoyatdan uzoq odamlar edi.

Jo‘ldosh Ko‘lboyev

Qamchibek bolaligidan katta oilada o‘sgan. Uning Sveta, Aynura, Raushan, Jo‘ldosh, Baxit ismli aka-uka va opa-singillari bo‘lgan. Qamchi va Jo‘ldosh “N.Krupskaya” nomidagi sport maktab-internatida tahsil olgan. Qamchi eshkak eshish bo‘limida, ukasi esa dzyudo bo‘limida. Jo‘ldosh otasi singari sport yo‘lidan ketgan. U 2020 yildan buyon Qirg‘iziston Respublikasi Milliy dzyudo federatsiyasi prezidenti va Osiyo dzyudo ittifoqi vitse-prezidenti hisoblanadi.

Baxit Asanbek uulu

Kriminal avtoritetning yana bir ukasi Baxit Asanbek uulu esa bojxonada ishlaydi. 2020 yilda ommaviy axborot vositalari uning Shimoli-sharqiy bojxona boshlig‘ining o‘rinbosari ekanini yozgandi.

Qamchibek Ko‘lboyevning o‘zi besh farzandning otasi bo‘lgan. Uning uch qiz va ikki o‘g‘li bor. Qizlari allaqachon turmushga chiqqan.

Qamchibek Ko‘lboyev qizиning тўйида

Jinoyat olamiga kirish

“Kolya Qirg‘iz”ning jinoyat olamiga kirib kelishi yana bir kriminal avtoritet Risbek Akmatboyev nomi bilan bog‘liq. 1990-yillarda u Akmatboyevning qo‘riqchi-haydovchisi va keyinchalik yaqin sherigi bo‘lgan. OAV Ko‘lboyevni Akmatboyevning tarafdori va eng yaqin yordamchisi deb atagan, ammo 90-yillar oxirida ularning orasidan olamushuk o‘tgan. 

Risbek Akmatboyev

“Akmatboyev Ko‘lboyevni umumiy xazinadan pul olgani uchun jazoladi”, deb yozgan o‘shanda mahalliy qirg‘iz nashrlari.

 

Qamchibek Ko‘lboyev 2000 yilda Akmatboyev va yana ikki kishining hayotiga suiqasd qilishda ayblangan. O‘shanda jinoyatchilar boshlig‘i yaralangan, unga hamroh bo‘lganlar esa o‘lgan. Sud “Kolya Qirg‘iz”ni 25 yilga ozodlikdan mahrum qildi, biroq u 6 yildan keyin koloniyadan qochib ketdi. Bosh prokuratura qamoqdan qochish bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi va Qamchibekni qidiruvga berdi. 2007 yilda esa u amnistiyaga tushgan bo‘lib chiqdi va qidiruv to‘xtatildi.

Bu orada OAVda Qamchining 2000 yil 10 yanvardagi yozma ko‘rsatmasi paydo bo‘lgan. Unda yozilishicha, Qamchibek Ko‘lboyev  1999 yilda “vor v zakone” Aziz Batukayev boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhning uch chechen a’zosi o‘ldirilishiga "beixtiyor guvoh" bo‘lgan. O‘sha yillarda u Akmatboyev bilan jinoiy nizolarga aralashgan. Ko‘rsatmada aytilishicha, Qamchi o‘shanda tergov izolyatorida bo‘lgan va Akmatboyev undan “tilini tiyish”ni talab qilgan. Aks holda, jinoiy to‘da boshlig‘i Qamchining oilasi bilan shug‘ullanish bilan tahdid qilgan.

Ma’lumot uchun, Risbek Akmatboyev ham xuddi “Kolya Qirg‘iz” kabi Issiqko‘l viloyatidan. 80-90-yillarning oxirlarida u reketlik va qotillik uchun sudlangan. 2000-yillarda u uch marta qotillikda, jumladan, politsiya polkovnigini o‘ldirishda ayblangan. Lekin 2006 yilning yanvarida Bishkekning Pervomaysk tuman sudi uni oqlagan. O‘sha yilning aprel oyida “aybsiz” Akmatboyev deputatlikka nomzodini qo‘ygan va 79 foiz ovoz olgan. Uning g‘alabasidan keyin mamlakatda "jinoyatchilikka qarshi mitinglar" boshlangan. Qamchibek qamoqdan qochgan 2006 yilda Akmatboyev o‘lgan. U masjiddan chiqayotganida otib ketilgan edi. 

Katta o‘yinga qadam

2008 yil 6 noyabrda Moskva shahrida jinoyat olamining "cho‘qintirgan otalari" "Banniy dvor na Lobnenskoy" restoronida yig‘ildi, ular orasida "Yaponchik" laqabini olgan Vyacheslav Ivankov va “Ded Xasan” deb nom chiqargan Aslan Usoyan kabi 30 ga yaqin "vor v zakone”lar bor edi. 

чапда “Ded Xasan”, ўнгда "Yaponchik"

Shu yig‘ilishda  34 yoshli issiqko‘llik Qamchibek ham qatnashdi. Aynan shu kuni unga "toj kiydirildi" va u Qirg‘izistonni “nazorat qiladigan” “vor v zakone” bo‘ldi.

Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Murat Sutalinov hatto bu vaziyatga ma’lum umid bog‘lagan edi:

“Bu qirg‘izlardan chiqqan birinchi “qonundagi o‘g‘ri”(“vor v zakone”). Endi, o‘ylaymanki, respublika jinoyat olamida ma’lum darajada barqarorlik bo‘ladi – qonunbuzarlar, bezorilar kamayib ketadi. Qamchi Ko‘lboyev eski o‘g‘rilarning tushunchalariga amal qiladi, u yerda adolatning ma’lum jihatlari bor: "O‘ldirma, zaiflarni talon qilma, inson qonini to‘kma". Shunday ekan, mamlakatdagi jinoyatchilik va bezorilikka barham beriladi”, degan vazir.

Ko‘lboyev “vor v zakone” maqomiga ega bo‘lgach, Moskvadagi qirg‘iz tadbirkorlaridan o‘lpon yig‘a boshladi. Shu tariqa, “Kolya Qirg‘iz”ning odamlari Strogino va Mitishidagi qurilish bozorlarida qirg‘iz savdo nuqtalarining sotuvchilaridan pul undirish uchun ularni kaltakladi. Jabrlanganlarning so‘zlariga ko‘ra, ularning vatandoshlari “Qirg‘izistonning yangi jinoyat qiroli Qamchi Ko‘lboyev” nomidan Moskvadagi ishbilarmonlardan o‘lpon yig‘gan va ularga mamlakatda qolgan qarindoshlarini qatag‘on qilish bilan tahdid qilgan.  

“Kloop” ma’lumotlariga ko‘ra, “Kolya Qirg‘iz” Qirg‘izistondagi Aprel inqilobidan keyin Birlashgan Arab Amirliklariga qochib ketgan. 2011 yil 21 iyulda u Abu-Dabida jinoyatchi o‘g‘irlangan soxta hujjatlar va zargarlik buyumlari bilan qo‘lga olingan.

Uning advokati Ikromidin Aytqulovning aniqlik kiritishicha, Qamchi Ko‘lboyev Interpol orqali hibsga olingan. 

O‘shanda Qirg‘iziston va BAA o‘rtasida ekstraditsiya bo‘yicha kelishuv hali tuzilmagan edi. Shuning uchun ham o‘sha yilning 6 sentyabrida Abu-Dabi huquq-tartibot idoralari Qirg‘iziston ma’muriyati tomonidan chiqarilgan zargarlik do‘konini o‘g‘irlash ayblovlarini olib tashlagan va “Kolya Qirg‘iz”ni hibsdan ozod qilgan.

"Kolya Qirg‘iz"

2012 yil oktyabrda Ko‘lboyev Qirg‘izistonga qaytib kelganida, Ichki ishlar vazirligi unga nisbatan sakkiz modda bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Jinoy to‘da boshlig‘i bo‘lsa faqat tovlamachilikda aybdor deb topildi. Bishkekning Pervomaysk tuman sudi “Kolya Qirg‘iz”ni 5,5 yilga qattiq tartibli koloniyaga jo‘natdi, apellyatsiya shikoyati esa hukmni 3 yillik qamoq jazosiga almashtirdi. Natijada Ko‘lboyev 2014 yil iyun oyida ozodlikka chiqdi.

“Kolya Qirg‘iz”ning kallasi uchun AQSHdan mukofot”

2011 yilda Qo‘shma Shtatlar qirg‘izistonlik “qonun o‘g‘risi”ni eng yirik narkobaronlar ro‘yxatiga kiritib, unga qarshi sanksiya kiritdi. Davlat departamenti “Kolya Qirg‘iz”ning jinoiy tarmog‘ining moliyaviy mexanizmlarini ochib beruvchi ma’lumot uchun 1 million dollar mukofot taklif qildi. Qo‘shma Shtatlar ma’lumotlariga ko‘ra, “Kolya Qirg‘iz” xalqaro uyushgan jinoiy guruh “Birodarlar doirasi” tarkibiga kiradi. Vashingtonning fikricha, Ko‘lboyev va uning sheriklari global narkotiklar, qurol-yarog‘ va odam savdosi bilan shug‘ullangan.

Ko‘lboyevning Qirg‘izistonda hibsga olingani ma’lum bo‘lgach, AQSHning Bishkekdagi elchixonasi Qirg‘iziston rasmiylarining harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

“Qo‘shma Shtatlar Qirg‘iziston hukumati jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu xavfli jinoyatchi yetakchini jinoiy javobgarlikka tortadi va hibsga oladi, deb umid qiladi”, deyilgan o‘sha paytda e’lon qilingan elchixona bayonotida.

“Kolya Qirg‘iz” qamoqxonada chirib ketadigan odam emas edi. Shundan so‘ng, 2017 yilda AQSH hukumati Ko‘lboyevni sobiq SSSR mamlakatlarining Qo‘shma Shtatlardagi mulki musodara qilinishi kerak bo‘lgan top 10 jinoiy avtoritet ro‘yxatiga kiritdi.  2021 yilda Davlat departamenti “Kolya Qirg‘iz”ni hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun mukofot miqdorini besh baravar oshirib, 5 million dollarga yetkazdi.

Prezident Japarov

2011 yilda Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Zarilbek Risaliyev va Jogorku Kenesh deputati Sadir Japarov parlament yig‘ilishida janjallashib ketdi. Risaliyev Japarovni jinoyatga aloqadorlikda ayblab, “Risbek Akmatboyev va Qamchi Ko‘lboyevning luqmasini ichganini” aytgan. Japarov esa kriminal idoralar bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlarni qat’iyan rad etdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, u Ko‘lboyevni faqat bir marta – 2010 yil aprel inqilobidan keyin ko‘rgan.

Zarilbek Risaliyev va Sadir Japarov

2020 yil 7 oktabr kuni Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarov matbuot anjumanida yana Ko‘lboyev bilan aloqasi yo‘qligini takrorladi. Biroq oradan ko‘p o‘tmasdan, anonim Telegram-kanallarda Japarovning ortida Ko‘lboyev turgani xaqida qabarlar tarqaldi. 

Ikkinchi uyga aylangan qamoq

Ko‘lboyevning shov-shuvli hibsga olishlaridan biri 2020 yil 22 oktabrda sodir bo‘lgan. O‘shanda MXX xodimlari uni “Avangard” sport klubida ushlab, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoriga qamab qo‘ygan. O‘shanda Kolya Qirg‘izga nisbatan jinoiy tashkilot tuzish (IIV ma’lumotlariga ko‘ra, uning uyushgan jinoiy guruhi tarkibida 424 kishi bo‘lgan), 250 million qirg‘iz somidan ortiq (deyarli 3 million AQSH dollari) miqdoridagi jinoiy daromadlarni legallashtirish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Jinoyatchining qarindoshlari esa depozit hisob raqamiga 49,6 million som (585 ming  AQSH dollari) kiritgan. Shundan so‘ng, “Kolya Qirg‘iz” dastlab 47-sonli axloq tuzatish va davolash muassasasiga [hozir tugatilgan] o‘tkazilgan, keyin esa qamoqdan ozod qilingan. Keyinchalik unga nisbatan jinoyat ishi to‘xtatilgani ma’lum bo‘lgan.

Qamchibek Ko‘lboyev ozodlikka chiqqandan bir necha kun o‘tib, AQSH rasmiylari uni hibsga olishga yoki uning uyushgan jinoiy guruhining "moliyaviy oqimini buzishga" yordam beradigan ma’lumot uchun mukofot miqdorini 1 million dollardan 5 million dollarga oshirdi.

2022 yilda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi yana “Kolya Qirg‘iz” hibsga olinganini e’lon qildi. Bu safar u chegara hududida ov qilayotganda sodir bo‘ldi. Oxir-oqibatda esa hammasi ma’muriy jazo bilan yakunlandi.

Qozog‘iston 

Qo‘shni Qozog‘iston ham “Kolya Qirg‘iz”ni iziga tushgan edi. U yerda Qamchibek Ko‘lboyev transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay jinoyat 2007-2009 yillarda sodir etilgani vaji bilan uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun da’vo muddati o‘tgan bo‘lib chiqdi. Shu munosabat bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi jinoiy ish bo‘yicha tergovni to‘xtatdi.

Xayriya

Kriminal avtoritet vaqti-vaqti bilan ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lardi. Ko‘pincha yangiliklar u qilayotgan saxovatpesha xayriyalar bilan bog‘liq edi. Jumladan, u to‘r pardasi ajralishi bilan kasallangan kikbokschi Ulan Qosimbekovning operatsiyasi uchun pul to‘lagan, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Oysuluv Tinibekovaga avtomobil sovg‘a qilgan, koronavirus pandemiyasi davrida Cho‘lpon-Ota kasalxonasiga kislorod konsentratorlari va boshqa tibbiy jihozlar xarid qilgan.

O‘lim 

2023 yilning 4 oktyabr kuni tushdan keyin Ibroimova va Qulatov ko‘chalari kesishgan “Uchqun” bosmaxonasi yonida otishma sodir bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ko‘lboyevni “Blonder” barida hibsga olgan.

Manbalarga ko‘ra, maxsus operatsiyada faqat maxsus xizmatlar ishtirok etgan, politsiya unda qatnashmagan. Bir necha soatdan so‘ng Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ko‘lboyev “qarshilik ko‘rsatayotganda” o‘ldirilganini rasman e’lon qildi. Bungacha unga nisbatan bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan: Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 261-moddasi (“Uyushgan guruh tuzish yoki unda ishtirok etish”), 267-moddasi (“Qurol, o‘q-dorilarni qonunga xilof ravishda muomala qilish”), 37-122-moddasi (“O‘ldirishga urinish”). Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Ko‘lboyevning unga muxolif jinoiy guruh rahbari “Doo” laqabi bilan tanilgan Chingiz Jumagulovni o‘ldirishga aloqadorligi yuzasidan dastlabki tergov ishlarini olib borayotgan bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlaridan maxsus operatsiya davomida faqat bir kishi halok bo‘lgan, boshqa hech kim halok bo‘lmagan yoki yaralanmagan.

“Kolya Qirg‘iz”ning dafn marosimi

5 oktyabr kuni “Kolya Qirg‘iz”ning dafn marosimi Cho‘lpon-Otada bo‘lib o‘tdi. U 49 yoshida bu dunyoni tark etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Qamchibek Ko'lboev Kolya Qirgiz vor v zakone

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing