Kolumbiyadagi qurolli jangda 18 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
22 avgust 2025 2024 2 daqiqa
Kolumbiyada sodir bo‘lgan ikki hujum oqibatida kamida 18 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam jarohat oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujumlarni sobiq Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlaridan ajralib chiqqan guruhlar amalga oshirgan.
Birinchi hujum vaqtida Kali shahridagi harbiy havo maktabiga qarashli Marko Fidel Suares aviabazasi yaqinida portlash sodir bo‘lgan. Portlovchi moddalar yuklangan yuk mashinasi portlashi oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan, 71 kishi jarohat olgan, ko‘plab uylar zarar ko‘rgan. Guvohlarning aytishicha, portlash juda kuchli bo‘lgan.
Bunga qadar Antyokiya departamentining Amalfi munitsipalitetida dron politsiyaning Black Hawk vertolyotiga hujum qilgan. Vertolyot koka plantatsiyalarini (giyohvand moddalar) yo‘q qilish bo‘yicha operatsiyada ishtirok etayotgan edi. Hujumda bortdagi 12 kishi halok bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda qalin qora tutun osmonga ko‘tarilgani aks etgan.
Kali meri Alexandro Eder shahar bo‘yicha harbiy holat e’lon qilgan va yirik yuk mashinalarining shaharga kirishini vaqtincha taqiqlagan. U voqea haqida axborot bergan fuqarolarga 10 ming dollar mukofot va’da qilgan.
Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro va armiya rahbariyati xavfsizlik kengashini yig‘ib, fuqarolarni himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni muhokama qilishini ma’lum qilgan. Mamlakat Mudofaa vazirligi esa “davlat terrorizmga yon bermaydi, jinoyatlar eng qattiq qonuniy jazoga tortiladi”, deya bayonot bergan.
Qayd etish joiz, so‘nggi oylar davomida Kolumbiyada xavfsizlik kuchlari, isyonchilar va narkoguruhlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ko‘paydi. Ayniqsa dronlardan foydalanish kengaydi – 2024 yilda 115 ta hujum qayd etilgan. O‘tgan haftada mamlakat janubi-g‘arbida dron hujumi oqibatida 3 harbiy halok bo‘lgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaiti poytaxti Port-o-Prensdagi jinoiy guruh a’zolari 110 kishini sehrgarlikda ayblab, o‘ldirgandi.