Zilziladan jabr ko‘rgan oilalarga 3 oy davomida $285 dan beriladi
Olam
−
12:48 730 2 daqiqa
Kolumbiyada 10 avgust kuni sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzilada halok bo‘lganlar soni 331 nafarga yetdi. Zilzilada uyi vayron bo‘lgan yoki yashash uchun yaroqsiz holga kelgan oilalarga bugun, 26 avgustdan boshlab uch oy davomida har oy 875 ming 452 peso, ya’ni taxminan 285 dollar miqdorida yordam beriladi. Bu haqda Milliy ofatlar xavfini boshqarish bo‘linmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, zilzilada halok bo‘lganlar soni yana ikki nafarga oshib, 331 nafarga yetgan. Shuningdek, vayronalar ostidan 364 kishi tirik holda qutqarilgan. Zilzila oqibatida jarohatlanganlar esa 4 ming 439 kishiga yetib, 240 kishi bedarak yo‘qolgan.
Kolumbiya hukumati 7,4 magnitudali zilzila oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklarga qarshi kurashni yengillashtirish maqsadida “iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik favqulodda holat” e’lon qilgan.
Kolumbiya Prezidenti Abelardo de la Esprielya joriy yilning 18 avgust kuni qilgan bayonotida zilzila dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 9,5 milliard dollar miqdorida zarar yetkazganini bildirgan edi.
Shuningdek, Prezident qayta qurish jarayonini boshqarish maqsadida “Mo‘jiza jamg‘armasi” tashkil etilganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, jamg‘arma 1999 yilda Kolumbiyaning Armaniya shahrida sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng tashkil etilgan “Qahva o‘qini qayta qurish va ijtimoiy rivojlantirish jamg‘armasi” tajribasi asosida boshqariladi.
Hukumat uyidan ayrilgan oilalarga ijara haqi uchun yordam, kommunal xizmatlardan foydalanishda yengillik, yangi uy-joy va mavjud uylarni ta’mirlash uchun ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
Zilzilada uyi vayron bo‘lgan yoki yashash uchun yaroqsiz holga kelgan oilalarga bugun, 26 avgustdan boshlab uch oy davomida har oy 875 ming 452 peso, ya’ni taxminan 285 dollar miqdorida yordam beriladi.
“Biz nafaqat yo‘qotganlarimiz o‘rniga yangisini quramiz. Mavjud infratuzilmani yanada xavfsiz, chidamli va ko‘proq ish o‘rinlari yaratadigan tarzda yaxshiroq quramiz”, degan Abelardo de la Esprielya.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 avgustga o‘tar kechasi Indoneziyaning Flores oroli yaqinida 7,7 magnitudali zilzila sababli 3 ta provinsiyada sunami xavfi e’lon qilingan edi. Yer silkinishlari turar joy binolari, maktablar, davlat muassasalari va shifoxonalarning vayron bo‘lishiga olib kelgan.
Live
Barchasi