Kolumbiyada sariq isitma sabab favqulodda holat e’lon qilindi

Olam

image

Kolumbiya hukumati sariq isitma kasalligi avj olgani sababli mamlakat bo‘ylab favqulodda holat rejimini joriy qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Gilermo Alfonso Xaramiloning ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning boshidan buyon 74 kishida ushbu kasallik aniqlangan, 34 kishi vafot etgan. Mamlakatning markaziy-g‘arbiy qismidagi Tolima departamentida vaziyat keskinlashib ketgan. U yerda 22 ta kasallanish holati qayd etilgan.

“Endi gap faqat xavfli deb hisoblangan 388 ta munitsipalitet haqida emas. Kasallik Amazon, Choko va Katatumbo hududlaridan chiqib, mamlakatning markaziy qismiga ham yetib bordi. Bu esa butun jamiyat uchun jiddiy xavf tug‘diradi”, degan vazir.

Shuningdek, u aholiga emlanish zarurligini eslatib, sariq isitmani tarqatuvchi chivinlarga qarshi kurash choralarini kuchaytirishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, sariq isitma virusli kasallik bo‘lib, Aedes (tishlovchi) va Haemagogus kabi chivinlar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikni Flavivirus avlodiga mansub virus keltirib chiqaradi. Inkubatsiya davri 3-6 kun davom etadi. Ba’zi bemorlarda kasallikning dastlabki belgilari yo‘qolganidan ko‘p o‘tmay, kasallikning og‘irroq bosqichi boshlanadi. Harorat 40 darajagacha ko‘tariladi, odamlar holsizlanadi, bu davrda ularda buyrak va jigar yetishmovchiligi paydo bo‘ladi. Shuningdek, sariqlik va burundan qon ketishi va qon aralash qusish bilan gemorragik sindrom rivojlanishi mumkin. Bunday holatda kasallik yuqtirganlar 1-2 haftadan so‘ng sog‘ayib ketadi. Kasallanganlarning oz qismida og‘ir alomatlar paydo bo‘ladi, ularning yarmi 7-10 kun ichida vafot etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi O‘zbekistonda o‘ta xavfli yuqumli kasallik tarqatuvchi Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi uyg‘ongani haqida xabar bergandi. Ushbu kasallik kanalar chaqishi oqibatida yuzaga keladi va bu inson hayoti uchun nihoyatda xavflidir.


Maqola muallifi

Teglar

Kolumbiya sariq isitma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing