Kolumbiya prezidentligiga nomzod suiqasddan so‘ng vafot etdi

Olam

image

Ikki oy oldin suiqasd uyushtirilishi oqibatida yaralangan Kolumbiya prezidentiligigga ehtimoliy nomzod Migel Uribe bugun, 11 avgust kuni shifoxonada vafot etdi. Bu haqda marhumning turmush o‘rtog‘i o‘zining Instagram sahifasida xabar berdi.

Kolumbiyalik senator va prezidentlikka nomzod Migel Uribe joriy yilning 7 iyun kuni saylovoldi tadbirida o‘q uzilishi oqibatida boshidan yaralangan. U to‘qqiz hafta davomida davolangan, xususan, bir nechta jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirgan. Biroq oxir-oqibat shifoxonada vafot etgan.

“Sen har doim mening butun hayotimning muhabbati bo‘lib qolasan. Farzandlarimizga bergan va’damni bajarganimdan so‘ng meni kut, men sening oldingga boraman va bizning ikkinchi imkoniyatimiz bo‘ladi”, deydi marhumning bevasi.

“The New York Times”ga ko‘ra, politsiya o‘q uzgan 14 yoshli bolani hamda yana uch kishini hibsga olgan, biroq jinoyat sababi hozirgacha oshkor qilinmagan. Prokuratura ularning barchasiga odam o‘ldirishga urinish va noqonuniy qurol saqlash bo‘yicha ayblov qo‘ygan.

“Uribening o‘limi ko‘plab kolumbiyaliklar uchun mamlakatning notinch o‘tmishini eslatuvchi og‘ir voqea bo‘ldi. Gap shundaki, Uribening onasi – taniqli jurnalist Diana Turbay 1991 yilda narkokartel tomonidan o‘g‘irlab ketilib, o‘ldirilgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Uribe – 39 yoshli Kolumbiyaning eng yirik muxolif partiyasi – o‘ng markazchi partiya vakili bo‘lib, u bungacha kelasi yildagi saylovlarda qatnashmoqchi ekanini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiyaning sobiq prezidenti Alvaro Uribe guvohlarni soxtalashtirish va firibgarlik aybi bilan 12 yillik uy qamog‘iga hukm qilingandi. 73 yoshli siyosatchi mamlakat tarixida jinoyatda ayblangan birinchi sobiq prezident bo‘lgan. Shuningdek, unga davlat lavozimlarida ishlash taqiqlangan va 578 ming dollar jarimaga tortilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kolumbiya Migel' Uribe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing