“Knopkani bosib, choy ichgani ketolmaymiz!” O‘zbekistonda sun’iy qor va yomg‘ir yog‘dirish nimalarga olib keladi?
Intervyu
−
06 fevral 2022
37906O‘zbekistonda sun’iy tarzda qor va yomg‘ir yog‘dirilsa, tabiatga salbiy ta’sir bo‘lishi mumkin. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri Nozima Nazirovaga Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti Atmosferaga faol ta’sir etish radiolokatsion meteorologiya laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Qodirov ma’lum qildi.
QALAMPIR.UZ muxbiri Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimovdan O‘zbekistonda sun’iy tarzda yog‘dirilishi rejalashtirilayotgan qor va yomg‘irning atmosferaga salbiy ta’siri qay darajada bo‘lishi mumkinligini so‘radi.
“Tanganing ikki tomoni bor. Kartada O‘zbekistondan G‘arbga qarab, Kasbiy dengizi, Afrika undan keyin Atlantika ummoni bor. U yerda gibraltar va boshqa oqimlar hosil bo‘ladi. Havo massalari Atlantikadan ko‘tarilib, bizning oqimga kelgunga qadar Marokash, Saudiya Arabistoni, Isroil, Suriya, Turkiya va boshqa davlatlarni bosib o‘tadi. Sanab o‘tgan davlatlarimning ichida bu texnologiyani eng ko‘p qo‘llaydigan davlat Isroildir. Isroil davlati yomg‘ir chaqirib, suv oladi va Giordaniaga sotadi. Agar zarari bo‘lganida, ular bu suvni ichimlik suvi sifatida sotmas edi. Biz ham yomg‘ir chaqirsak, radiusi 50 km atrofida bo‘ladi”, deydi Ibratjon Karimov.
Shuningdek, u O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir yog‘dirilsa, boshqa davlatning bulutini O‘zbekiston havo hududiga chaqirib qo‘yish mumkinligini urg‘uladi.
“Masalan ilgari tog‘li hudud Bo‘stonlikda yomg‘ir chaqirsak, samolyotlar Qozog‘iston hududi tomondan ko‘tarilib uchib kelgan. U paytda chegaralar bo‘lmagan. Kumush yadid sepishgan. Yomg‘ir bizga yog‘gan. Hozir biz texnologiyani 3 xil usulda qo‘llaganimizda, shamol yo‘nalishlariga qarab, yomg‘ir qo‘shni davlatga ham yog‘ishi mumkin yoki “qo‘shni davlatning bulutini o‘g‘irlab qo‘yishimiz” ham mumkin. Lekin suvga nisbatan ham boshqa jihatdan ham atmosferaga salbiy ta’siri bo‘lmaydi”, deydi u.
Shu o‘rinda Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti Atmosferaga faol ta’sir etish radiolokatsion meteorologiya laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Qodirov berilgan javobga keskin tarzda o‘z munosabatini bildirdi.
“Salbiy ta’siri bor. Nima uchun bor? Yomg‘irni sun’iy tarzda ko‘paytirganimizda, yomg‘ir me’yoridan ortiq yog‘dirilsa, turli hududlarda sel oqimini olib kelishi mumkin. Shu tomonini ham inobatga olishimiz kerak. Kerak bo‘lsa, vaqtida bu jarayonni to‘xtatish lozim. Buning hammasi texnologiyada ko‘rilgan. Bu jarayonda bosiladigan knopkalar bor. Nazoratda ushlab turiladi. Knopkani bosib qo‘yib, choy ichgani keta olmaymiz. Mas’ul xodim doimo joyida turishi kerak”, deydi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ o‘zgarib borayotgan ob-havo, ekologiyaning o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimovdan intervyu olgan edi.
LiveBarchasi