Oktyabr oyida qanday ob-havo kuzatilishi ma’lum qilindi

Bu qiziq

image

O‘zbekiston hududida oktyabr oyi ham kuzning birinchi oyi – sentyabrda kuzatilgani kabi ancha iliq va quruq ob-havo bilan boshlanadi. Ikkinchi va uchinchi 10 kunliklarda sekinlik bilan havo harorati pasaya boshlaydi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi xabar berdi.

Joriy yilning oktyabr oyi quruq va o‘rtacha issiq havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi haftasida yog‘ingarchiliksiz ob-havo hukmron bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab harorat 11-16 daraja bo‘lib, salqin ob-havo kuzatiladi. Kunduzi esa havo harorati 23-28 darajagacha, janubiy hududlarda 30 darajagacha issiq bo‘ladi.

Oy oxirigacha respublika bo‘ylab havo harorati kechasi 3-8 dan 10-15 darajagacha, kunduzi esa 13-18 dan 23-28 darajagacha bo‘ladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiy viloyatlari shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab 3-0 darajagacha sovuq bo‘lishi mumkin. 

Oktyabr oyining birinchi o‘n kunligi oxirida, ikkinchi va uchinchi o‘n kunlikning ayrim kunlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Iqlim me’yorlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik oktyabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha davom etadi. Asosan yomg‘ir yog‘ishi, ba’zan yomg‘ir qisqa muddatli qorga aylanishi mumkin.

Ko‘p yillik o‘rtacha tungi havo harorati 6-11 darajani tashkil qiladi, lekin ushbu oyning ikkinchi yarmida havo soviy boshlaydi. Oktyabr oyida kunduzgi harorat odatda 10-15 dan 23-28 darajagacha bo‘ladi.

Ba’zida haqiqiy harorat yoki yog‘ingarchilik miqdori iqlim normasidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin. Masalan, Toshkent shahrida butun 150 yillik meteorologik kuzatishlar tarixida havoning maksimal harorati ayrim yillarda 33-35 darajagacha yetgan.

Aytish joiz, Toshkentda oktyabr oyidagi rekord minimal harorat o‘tgan asr boshlarida -11,2 darajani tashkil qilgan. Oxirgi 30 yil davomida Toshkentda minimal havo harorati -2/-1 darajadan pastga tushmagan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi  30 yil ichida O‘zbekiston bo‘ylab eng yomg‘irli oy 2015 yilning oktyabr oyi bo‘lgan. O‘sha yili Toshkent shahrida yog‘ingarchilik miqdori me’yoridan 3,5 barobar oshib, ikki kun ichida 45 mm ga yetgan va me’yoridan qariyb 2 barobar oshib ketgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo yomg'ir yog'ingarchilik Gidrometeorologiya qor O'zgidromet kuz Oktyabr'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing