O‘zbekistonni yana bir ekologik ofat kutmoqda

Intervyu

Bugun global darajada yuz berayotgan iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayapti. O‘tgan yili noyabrda kuzatilgan qum bo‘roni buning isboti bo‘ldi deyish mumkin. 

QALAMPIR.UZ o‘zgarib borayotgan ob-havo, ekologiyaning o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan omillar haqida ma’lumot olish uchun O‘zbekiston Gidrometeorologiya markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimovdan aholini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Suhbat davomida qishda qor yog‘maganining asosiy sababi, kelgusida O‘zbekistonda kutilayotgan tabiiy ofatlar, shuningdek Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining keyingi taqdiri haqida bilib olishingiz mumkin.

Nozima Nazirova, muxbir: — Qish faslining ikki oyida ham qor yog‘madi. Bu qanchalik tabiiy jarayon?

Ibratjon Karimov, Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari.: — O‘zbekistonda yog‘ingarchiliklarning kam bo‘lishi tabiiy jarayon emas. O‘zbekiston iqlimi quruq hisoblanadi. Hozir dunyoda global iqlim o‘zgarishi jarayoni kuzatilmoqda. Tabiiy ofatlar yoki Janubiy sharqiy Osiyoda kuzatilayotgan suv toshqinlarining hammasi iqlim o‘zgarishi natijasida sodir bo‘lyapti. Dunyoda harorat 1 gradusga o‘zgarayotgan bo‘lsa, bizda bu daraja sal intensivroq ketmoqda, ya’ni 1,5-2 gradusga o‘zgaryapti. Shuning uchun ham O‘zbekistonda quruq havo kuzatilyapti.

N.N.: — Bu yil qish faslida yog‘mayotgan qor bahorda yog‘ishi mumkinmi?  

I.K.: — Bu yil qish fasli issiq va quruq kelgani sababli respublikamizning janubiy hududlarida daraxtlar gulladi. Azaldan bahorda, ayni daraxtlar gullagan paytda yog‘adigan qorni “sariq qor”, deb aytishadi. “Sariq qor” yog‘ish ehtimoli bor. Biz buni inkor etmaymiz. Bu yurtimizga kirib kelayotgan oqimlar bilan bog‘liq. Ammo, hozir mart oyidagi ob-havo ma’lumotlarini aytish biroz mushkul. Lekin tabiiy jarayonlar shuni ko‘rsatadiki, har yili Navro‘z bayramiga qadar havo biroz sovib, “sariq qor” yog‘ish ehtimoli mavjud bo‘ladi. Dehqonlarga tavsiyamiz, tarixiy jarayonlardan kelib chiqqan holda ekilgan daraxtlar tagiga tutantiriqlar qilish yoki ularni o‘rash choralarini ko‘rishlari kerak. Shunda hosilni saqlab qolish ehtimoli kattaroq bo‘ladi.  

N.N.: — O‘zbekistonda ekologiya qanchalik buzilgan? Bu holat ob-havoda qanchalik namoyon bo‘lmoqda?

I.K.: — Ekologiya aslida buzilmaydi. Ekologiya bu – fan. Lekin atrof-muhitga tashlanayotgan chiqindilar, ishlab chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar, oqizilayotgan oqava suvlar va boshqa faktorlardan kelib chiqqan holda yildan yilga atrofdagi muhitga antropogen salbiy ta’sir ortib bormoqda. Agar O‘zbekiston ekologiyasini boshqa davlatlar bilan solishtirsak, juda keskin buzilish emas. Uzoqqa bormaymiz, yon qo‘shnilarimiz Tojikiston, Qirg‘izistonga nisbatan bizning atrof muhitimizning ifloslanishi kuchli. Lekin yirik rivojlangan davlatlarga qaraganda O‘zbekiston atrof-muhitini sog‘lom, desak ham bo‘ladi. So‘ngi yillarda respublikamiz hududida tadbirkorlikning rivojlanishi sababli atrof-muhitga antropogen ta’sir kuchli bo‘lyapti. Buning natijasida bo‘layotgan jarayonlar salbiy holatlarga ham olib kelyapti.  

N.N.: — O‘zbekistonda AEC qurilishi ob-havoga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?

I.K.: — Qurilishi boshlangan AES ob-havoga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmaydi. Har qanday atom reaktorlarining radioaktiv elementlari bilan ishlanadi. U yerdagi nurlanishlar, neytronlar, elektronlar o‘z-o‘zidan atmosfera havosiga ko‘tarilishi natijasida, ya’ni +, – zaryadlarni hosil qilganida atmosfera havosidagi bulutlarda ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Albatta, bu kelajakda, ya’ni AES qurib bitkazilganidan keyin sodir bo‘ladi. Lekin AESda yuz beradigan halokatlar natijasida atrof-muhitning ifloslanishi, shuningdek ob-havoga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri bo‘ladi.  

N.N.: — Nima sababdan O‘zbekistonda fasllar o‘z vaqtida bo‘lmayapti?  

I.K.: — 2015 yildan boshlab qish quruq va issiq kelmoqda. Bunga dunyoda ro‘y berayotgan global iqlim o‘zgarishini sabab qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Yog‘ingarchilikni hosil qiladigan oqimlarning yo‘nalishi o‘zgargani sababli respublikada qish quruq kelyapti.  

N.N.: — Ob-havoning o‘zgarishi yoki tabiiy ofatlar yaqinlashayotgani haqida oldindan bilish mumkinmi?

I.K.: — Albatta, bilish mumkin. Tabiiy ofat deganda nimani nazarda tutganingizni bilmadim. Lekin biz har hafta butun jahon meteorologiya tashkilotining qoidalariga muvofiq, bir haftalik ob-havoni oldindan kuzatib boramiz. Bu xabarlarning oqlanish darajasi 90, 95 foizga yetadi. Bir oylik ob-havo prognozlarini esa endilikda shakllantirib boryapmiz. Lekin bu prognozning ehtimolli darajasi 50, 60 foiz bo‘ladi. Shuning uchun maksimal darajada 1 haftalik ob-havo ma’lumotlarini beramiz.  

N.N.: — Bu borada qo‘shni davlatlar bilan ham hamkorlik qilinganmi?  

I.K.: — “O‘zgidromet” Markaziy Osiyodagi mintaqaviy gidrometeorologiya xizmati hisoblanadi. Ya’ni Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston gidrometeorologiya xizmatlari bilan doimiy hamkorlikda ishlaymiz. Qo‘shni davlatlardan taqdim qilingan ma’lumotlar markazimizda tahlil qilinadi. So‘ng butun jahon Meteorologiya tashkilotiga Markaziy Osiyo nomidan taqdim qilamiz.  

N.N.: — Senatda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi halokat yoqasida ekani ta’kidlandi. Falokatni qanchalik yaqin deb bilasiz? Ekologik inqirozning oldini olish mumkinmi?  

I.K.: — Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 70-yillarda Chordara suv omboridan suv quyilishi natijasida yuzga kelgan. U 350 ming gektardan ortiq maydonga ega. Bu ko‘l masalasi Oliy Majlis Senatida bir necha bor muhokama qilindi. Shu jumladan, bu jarayonlarda biz ham qatnashdik. Bugungi kunda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida sho‘rlanish darajasi ortib bormoqda. 10 yil ilgari 1 litr suvda 5,6 ml gramm miqdorda tuz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, o‘rtacha 10,12 gr tuzni tashkil qilyapti, ya’ni bu miqdor ikki barobarga oshgan. Shuningdek, suv havzasining qurish jarayonidagi intensivligi ortib bormoqda. Sho‘rlanishning asosiy sabablaridan biri, ko‘llar tizimiga chuchuk suvning kam tushayotganidir. Bu jarayonga vakolatli organlar yetarli darajada e’tibor bermasa, salbiy ta’sir bo‘ladi. Ko‘l quriyotgan yoki sho‘rlanish darajasi ortayotgan bo‘lsa, yana bir bor poytaxt yaqinida ekologik fojia yuz berishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, u yerdagi bug‘lanishning salbiy balansini yo‘qotish uchun 2 km kubgacha chuchuk suv quyib borishimiz kerak. Agar hozir biz buni oldini olmasak, 5-10 yoki 15 yildan keyin qurigan oroldagi holat takrorlanadi.  

N.N.: — Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining qurishini oldini olish uchun nimalar qilishimiz kerak?  

I.K.: — Oldini olish uchun birinchi variant ko‘lga chuchuk suv quyish, ya’ni kelayotgan suv bilan bug‘ning mutanosibligini ta’minlashimiz kerak. Ikkinchi yo‘l ko‘lning qurigan qismiga changlar ko‘tarilmasligi uchun saksovullar va turli daraxtlarni ekishimiz kerak. Bunga suv xo‘jaligi mas’ul.


Maqola muallifi

Teglar

ob-havo Aydar-Arnasoy AES ob-havoga ta'sir

Baholaganlar

1672

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing