Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi halokat yoqasida. Senatorlar hukumatga so‘rov yubordi

Jamiyat

image

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishda qator muammoli masalalar saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillarda suv hajmi 37,4 mlrd m3 gacha pasaygan va suv tarkibining sho‘rlanishi natijasida ayrim qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga ortga chekinib, 15–20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘lgan.

Shu munosabat bilan kecha, 16 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida sho‘rlanish, baliqlarning kamayib ketayotgani va boshqa muammolarni hal qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborildi.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Risqul Siddiqovning ta’kidlashicha, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida 15–20 sm gacha tuz qatlami hosil bo‘lgan. Ko‘llar tizimining suv hajmi 1994–2000 yillarda 44 mlrd m3 bo‘lib, hududning umumiy maydoni 350 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan bo‘lsa, “Chordara” suv omboridan 2013-2021 yillarda ko‘llar tizimiga suv tashlanmaganligi bois suv hajmi qariyb 34 mlrd m3 ga tushib qolgan.

“Ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrga pasayib, minerallashganlik darajasi so‘nggi 10 yilda 5,1 g/l dan 8,6 g/l gacha oshgan. Suv sathining pasayishi va sho‘rlanishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15–20 sm gacha ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Bu esa kuchli shamol vaqtida tuzli changlar bo‘lishiga olib kelmoqda va ekin maydonlari hamda inson salomatligiga ta’sir o‘tkazmoqda”, deydi senator.

Shuningdek, Risqul Siddiqov ko‘llar tizimidan foydalanish haqidagi normativ-hujjatlarda ham nomuvofiqliklar mavjudligini va Arnasoy ko‘llar tizimini muhofaza qilish bo‘yicha shtat birliklari ajratilmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Yig‘ilishda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov ham Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi ahvol haqida fikr bildirib, agar sho‘r suvlar oqibatida suv minerallashuvi ortib boradigan bo‘lsa, chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning yashashiga imkon yo‘qolishini, agar hozirdan harakat qilinmasa, baliq ovlashning umuman imkoni qolmasligini ta’kidladi. 

“Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining paydo bo‘lganiga ham yarim asrdan oshdi (1968-1969 yillar paydo bo‘lgan). Men 2-3 ta masalani sizga aytmoqchiman. Hozir minerallashuv haqida gap ketdi. Agar kelgusida sho‘r suvlar oqibatida minerallashuv ortib boradigan bo‘lsa, chuchuk suvda yashaydigan baliqlarning yashashiga imkon yo‘qoladi. O‘z-o‘zidan baliqlar urchishi, chavoqlanishi masalasi yo‘q bo‘ladi. Ya’ni chuchuk suvda tabiiy holda baliq ovlash umuman imkonsiz bo‘ladi. Ikkinchidan, ushbu ko‘llar tizimi tubidagi bir necha o‘nlab santimetrlik quyqadagi serovodorod yoki vodorod sulfid ochilib qoladigan bo‘lsa, atrof-muhitga juda katta zarar yetadi. O‘sha hudud ekotizimining ixtiofaunasi yoki gidroflorasi yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Uchinchidan, baliq ovlaydigan bir martalik kichkina katakli to‘rlarni taqiqlash kerak. Bu masalalarni agar hal qilmaydigan bo‘lsak, chavoqchalar yoki malyutkalar nobud bo‘ladi va umuman baliqlarning urchishiga imkon bo‘lmaydi. To‘rtinchidan, agar hozirda biz bashorat qilish masalasini o‘rtaga qo‘ymaydigan bo‘lsak, 5-10 yildan so‘ng nima bo‘lishi haqida prognoz qilishni o‘rganmasak, ahvol undan battar bo‘lishi mumkin”, deydi Boriy Alixonov. 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga jiddiy qaralmasa, Orol muammosini Toshkent yaqiniga kelib qolishini va ikkinchi Orol muammosi kelib chiqishini aytdi.

“Hozirda ushbu tizimdagi suv manbasining kuni faqatgina kollektor va drenaj tizimiga qolgan. Ekologik vaziyat o‘ta jiddiy ekanligi, nafaqat suvning, balki suv ketgan joylarning sho‘rlanishi ham ertaga chang-to‘zon manbasiga aylanib qolishi asosiy xavf bo‘lishi mumkin. O‘zim Orolbo‘yi hududi, Qoraqalpog‘istondan kelganim uchun bilaman. 1984 yilda 4-sinf vaqtimda hozirgi “Kemalar qabristoni”da mayoq bor edi. Kemada turib ko‘rgan katta dengizimiz ko‘z oldimizda. Institutni bitirib 10 yil oralig‘ida Mo‘ynoqqa borganimizda Aydar-Arnasoydan 30 baravar katta, 1000 kub kilometr hajmdagi dengiz mana shu qisqa vaqtda yo‘qolib ketgan. Toshkent shahridan unchalik uzoq bo‘lmagan mazkur hududga (Aydar-Arnasoy) jiddiy qaramas ekanmiz, vaqtida chora-tadbirlar ko‘rmas ekanmiz, Orol muammosini mana shu yerga, Toshkent yaqiniga olib kelgan bo‘lamiz va ikkinchi Orol muammosini keltirib chiqargan bo‘lamiz”, deydi Jusipbek Kazbekov.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev ham vaziyat jiddiy ekanini,  muammodan shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevning ham xabari borligi va shu bo‘yicha davlat rahbari ishtirokida selektor o‘tkazilganini, ayni damda qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.

“Sobiq Ittifoq davrida Jizzax va Sirdaryo cho‘l zonalarida ko‘p miqdorda pestitsidlar ishlatilgan. Ular tuproqda qolgan, bugungi kunda sho‘rni yuvish jarayonida ular ham Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimiga tushyapti. Ko‘llarning atrofi ochilishi tufayli mana shu zararli qumlar, dorilar, yaqinda qilingan tahlillarga ko‘ra, Toshkent shahridagi daraxtlarda ham uchrayapti. Ko‘p daraxtlar shuning oqibatida qurimoqda. O‘z vaqtida “Chordara”da avariya holati bo‘lganida 24 mlrd kub suv tashlangani hisobiga dalalar va chorvaga katta zarar yetgan. Endilikda Aydar-Arnasoyni saqlab qolish uchun juda katta ishlar qilishimiz kerak. Masala hozir aytilganidan ham og‘irroq”, deydi Ergash Soliyev.

Yalpi majlis yakunida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan foydalanishda qator muammoli masalalar sanab o‘tildi:

•  ko‘llar tizimida baliqchilik sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan;

•  baliq zaxiralarini saqlab qolish va himoya qilish bo‘yicha nazorat tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida noqonuniy baliq ovlash holatlari uchramoqda;

•  ko‘llar tizimi hududida belgilangan me’yorlar asosida baliqlantirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, ekoturizmni rivojlantirish, suvning sho‘rlanish darajasini yumshatish ishlari tizimli tashkil etilmagan;

•  baliq ovlash konturlarini ijaraga berish, ijara haqini undirish, baliq zaxiralarini muhofaza etish, ovlash qoidalariga rioya qilishni nazoratga olish, baliq ovlashda foydalanadigan texnikalarni ro‘yxatga olish va ularning nazoratini yuritish ishlari turli davlat organlariga yuklatilgan va ularning faoliyati muvofiqlashtirilmagan;

•  ko‘llar tizimidan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan hujjatlarda nomuvofiqlik holatlari mavjud. Shuningdek, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha tuman (shahar) inspeksiyalariga Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini muhofaza qilish bo‘yicha shtat birliklari ajratilmagan;

Muhokama yakunida ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish yuzasidan Oliy Majlis Senatining qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

129

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing