KXSHT qirg‘iz-tojik janjaliga aralashmoqchi
Olam
−
05 Oktabr 2022
7556Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi muammoni va qurolli to‘qnashuvni hal etishda o‘z yordamini taklif qilmoqda. Bu haqda tashkilot Bosh kotibi Stanislav Zas bugun, 5 oktyabr kuni Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda so‘z ochgan.
Tomonlar uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, Tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Joriy yil Kollektiv xavfsizlik shartnomasi imzolanganining 30 yilligi va KXSHT tashkil etilganining 20 yilligi nishonlanishini qayd etib, Qirg‘iziston Prezidenti Tashkilotning yubiley yili KXSHTga a’zo davlat – Tojikiston Respublikasi tomonidan so‘nggi paytlarda amalga oshirilgan noqonuniy va buzg‘unchi xatti-harakatlar soyasida qolayotganidan afsusda ekanini bildirgan.
Prezident Sadir Japarov KXSHT Bosh kotibi Stanislav Zasga Tojikistonning Qirg‘izistonga qarshi qurolli tajovuzi tinch aholi va harbiy xizmatchilarning halok bo‘lishiga, shuningdek, Botken viloyatidagi fuqarolik va ijtimoiy infratuzilmaning ulkan vayronagarchiligiga olib kelgani haqida batafsil ma’lumot bergan .
O‘z navbatida KXSHT Bosh kotibi Stanislav Zas qirg‘iz-tojik davlat chegarasida sodir bo‘lgan so‘nggi fojiali voqealar munosabati bilan hamdardlik bildirib, tashkilot ushbu inqirozli vaziyatni hal qilishda yordam berishga tayyorligini aytgan.
KXSHT Bosh kotibi, shuningdek, Davlat rahbariga tashkilotning nizom organlarining bo‘lajak yig‘ilishlariga va 2022 yil kuzida Armaniston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan.
Stanislav Zas, shuningdek, Prezident Sadir Japarovga KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining bir qator individual ko‘rsatmalarining bajarilishi yuzasidan hisobot berdi.
KXSHTning boshlanishiga 1992 yil 15 mayda Toshkentda (O‘zbekiston) Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi bilan asos solingan. 1993 yilda Ozarbayjon, Belarus va Gruziya KXSHTga qo‘shildi. Keyinchalik tashkilot safini Ozarbayjon, Gruziya va O‘zbekiston tark etdi. KXSHTga a’zo bo‘lgan har qanday davlat o‘z iltimosiga binoan istalgan vaqtda KXSHTdan chiqish huquqiga ega. Shartnoma 1994 yilda kuchga kirgan paytda KXSHTning 9 ta a’zosi bor edi, hozir esa 6 ta.
2022 yilga kelib KXSHT tinchlikparvar kuchlari soni 3600 kishini tashkil etmoqda.
LiveBarchasi