Putin Qozog‘istonda Zelenskiyni “yo‘q qilishga” shama qildi
Tahlil
−
30 noyabr
1086928 noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada NATOning muvaffaqiyatsiz analogi – KXSHTga a’zo davlatlarning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi. Oltita postsovet mamlakati – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston kabi davlatlarni o‘z ichiga olgan tashkilotning navbatdagi yuqori darajali yig‘ini mazkur blokdan yuz o‘girgan va undan chiqishga yaqin turgan Armanistonsiz o‘tdi. Chunki Pashinyan hukumati Armanistonning KXSHTdagi faoliyatini muzlatish rejasidan voz kechmaganligi biroz oldin ma’lum qilingandi. Ostonadagi sammitda belaruslik Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, KXSHT Bosh kotibi Imangali Tasmagambetov ishtirok etdi. Sammitda kutilganidek, Putin katta sahnaga chiqdi. U mamlakatlarning xavfsizligi va mudofaa salohiyati rivoji uchun yig‘ilgan rahbarlarning bor e’tiborini Ukrainani qanday o‘qqa tutayotgani, navbatdagi nishon sifatida esa Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari tanlanishi mumkinligi va ortda qolgan hafta davomida butun dunyo e’tibori markazida asosiy mavzu bo‘lib qolgan yangi qurol – “Oreshnik”ning salohiyatiga qaratdi. “Oreshnik” piaridan ortgan vaqtda esa Afg‘onistonda barqarorlik o‘rnatish, tojik-afg‘on chegarasida xavfsizlikni kuchaytirish va kelgusi yilda ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligini tashkilotga a’zo davlatlarda keng nishonlanishi haqidagi rejalar xususida gaplashildi. Quyida shu sammitning e’tiborga molik voqealari haqida so‘z yuritiladi.
“Oreshnik, Oreshnik va yana Oreshnik”…
2023 yilda XJSning hibsga olish orderi nishoniga aylangan, faqatgina postsovet mamlakatlari hamda Mo‘g‘uliston kabi davlatlargagina tashrif buyura oladigan Vladimir Putin so‘nggi 3 yildan buyon u yoki bu joyga qadam ranjida qilsa, eng birinchi bo‘lib Ukrainadagi vaziyat haqida mavqedoshlariga hisobot berishi odatiy holga aylangan. U bu gal ham KXSHTning tor doiradagi yig‘ilishida oxirgi kunlarda Ukrainaga yo‘llangan vayronkor zarbalar va bosqinning ayni damdagi vaziyati haqida so‘z ochdi. Barchaga ma’lum, AQSH va Buyuk Britaniya rasmiy Kiyevga uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanish uchun “yashil chiroq” yoqqanidan keyin darhol Rossiya hududiga Ukrainadan bir necha ATACMS uchirildi. Bunga javob tariqasida esa bugun ko‘pchilikning og‘zidan tushmayotgan yangi “Oreshnik” nomli o‘rta masofali ballistik raketa ilk bor ko‘rinish berdi va bu qurol to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga zarba berish orqali sinovdan o‘tkazildi. Ammo “Oreshnik”ning uchirilishi va uning butun dunyoga tarqalgan shov-shuvi Ukrainani Kurskka ATACMS bilan zarba berishdan qaytara olmadi. Rossiya esa G‘arb qurollari bilan Kurskka berilgan zarbaga qarshi “Oreshnik”ni emas, balki boshqa raketa va dronlarni ishga soldi. Putin 28 noyabr kuni KXSHT sammitida Rossiya Federatsiyasi 90 ta raketa va 100 ta dron bilan keng qamrovli hujum uyushtirib, Ukraina hududidagi 17 ta harbiy ob’ektga zarba bergani va bu ikki kun oldin Rossiya Federatsiyasi hududiga berilgan zarbalarga javoban amalga oshirilganini ta’kidladi. Shu kuni Putinning “Oreshnik” haqida bergan ma’lumotlari esa sammit va uning atrofidagi voqealarning alohida qismiga aylandi. Uning so‘zlaridan shu anglashiladiki, Rossiya endilikda yadro “shantaji”ni emas, bundan buyog‘iga “Oreshnik” bilan tahdidiy ritorikaga tayanadigandek go‘yo. Masalan, Putin tomonidan mazkur qurolga berilgan ta’riflar qatorida uni meteoritga o‘xshatgani va undan ommaviy ravishda foydalanilsa, zarbaning kuchi yadroviy qurolga teng bo‘ladi, deya aytgan gaplari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
“Harbiy va texnik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu raketalarni, ya’ni bir vaqtning o‘zida bir nechta raketalarni ommaviy, guruhli ishlatganda, bir zarbada uning kuchi yadroviy quroldan foydalanish bilan taqqoslanadi”, dedi Rossiya rahbari.
Putinga ko‘ra, dunyoda “Oreshnik”ning boshqa o‘xshash varianti yo‘q va ular yaqin kelajakda ham paydo bo‘lmaydi. Ammo Putin ham Rossiyaning o‘zida “Oreshnik”ka o‘xshash yana bir nechta foydalanishga tayyor tizimlar bor ekanini ta’kidlagan. Rossiya rahbarining aytishicha, “Oreshnik” raketa tizimi chuqur va yaxshi himoyalangan ob’ektlarga zarba berishga qodir. Bundan tashqari, Putin Bosh shtab va Mudofaa vazirligi Ukraina hududida “Oreshnik” tomonidan yo‘q qilinadigan nishonlarni tanlayotgani, Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari “Oreshnik”ning navbatdagi nishoniga aylanishi mumkinligini istisno qilmadi va Rossiya Federatsiyasi dushman harakatlariga javoban “Oreshnik”ning jangovar sinovlarini davom ettirishini ham qo‘shimcha qildi. Bu esa Zelenskiyni jismonan yo‘q qilishga qaratilgan navbatdagi jiddiy tahdid bo‘lishi mumkin. Chunki Rossiya rahbari ayni damda Kiyevdagi hokimiyatning legitim emasligi va ular mamlakat taqdiri borasida qaror qabul qilish vakolatiga ega emas deb hisoblashini yaqqol ochiqladi. Shuningdek, Putin Rossiya Federatsiyasi ixtiyoridagi boshqa qurollarga ham to‘xtalib, umumiy ma’noda ularni G‘arbnikiga qaraganda ancha ustun deb baholadi. Masalan, Rossiya Prezidenti “Iskander” misolida Rossiya raketa tizimi katta diapazonga egaligini aytib, Qo‘shma Shtatlarning yangi raketalari o‘z xususiyatlariga ko‘ra Rossiyanikidan past deya ta’kidladi. Bundan tashqari, Kreml egasi Rossiya Federatsiyasidagi gipertovushli komplekslarining dunyoda o‘xshashi yo‘qligi, o‘z mamlakati barcha NATO mamlakatlaridan 10 barobar ko‘p raketalar ishlab chiqarishi va bu yaqin kelajakda yana chorak qismga oshirilishini ham qo‘shimcha qildi.
To‘qayev KXSHT yordamini hali unutmagan
Qozog‘iston raisligida o‘tgan KXSHT sammitida moderatorlik qilgan Qosim-Jomart To‘qayev nazdida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Yevrosiyo makonida tinchlik va barqarorlikni ta’minlovchi asosiy tuzilmalardan biriga aylangan.
“KXSHT hozirgi qiyinchiliklar sharoitida tashkilotga a’zo barcha mamlakatlar xavfsizligi kafolati sifatida o‘zining zarurligini ko‘rsatmoqda. Bizning muvofiqlashtirilgan harakatlarimiz, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashimiz eng qiyin va ambitsiyali muammolarni hal qilishda jamoaviy qobiliyatimizni mustahkamlaydi. Ta’kidlash joizki, KXSHT shunchaki harbiy sheriklik emas, balki davlatlarimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarimiz va resurslarimizni birlashtirgan noyob mexanizmdir”, dedi Qosim-Jomart To‘qayev.
To‘qayevning bunday yondashuvi ortidan shuni qayd etish joizki, 2022 yil Qozog‘istonda ro‘y bergan yanvar voqealari fonida KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mavjud vaziyatni normallashtirish uchun mamlakatga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qilgandi. Buning natijasida esa amalda To‘qayev hokimiyati saqlab qolinib, beqarorlik kuch bilan bartaraf etilgandi. Shu voqeadan so‘ng, KXSHT ko‘pchilik nazdida harbiy blok emas, balki a’zo mamlakatlarda mavjud hokimiyatni saqlab qolish va unga qarshi noroziliklarni kuch bilan bostirish mexanizmi sifatida gavdalandi.
Shuningdek, KXSHT sammiti doirasida 27 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tashrifi davomida qiziq holat yuz berdi. Shu kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi LED-ekranlardan birida Ukraina bayrog‘i tasviri paydo bo‘ldi. Holat yuzasidan Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ukraina bayrog‘i tasviri “Astana Opera” teatri yoniga o‘rnatilgan LED-ekranda paydo bo‘lgan. Bu tasvir Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatga kelgani munosabati bilan shaharning boshqa LED-ekranlarida aks ettirilgan Rossiya davlat bayrog‘i tasviri o‘rniga almashtirilgan. Shu kuni Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan muzokaralar o‘tkazayotgandi. Ma’lum qilinishicha, “Keruen Media” MCHJ (Ostonadagi LED-ekranlarga egalik qiluvchi kompaniya) bilan bog‘liq voqea bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan. Ichki ishlar vazirligi barcha ehtimoliy versiyalar, jumladan texnik nosozliklar va tashqi noqonuniy aralashuv ehtimolini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Muvaffaqiyatsiz tashkilot
Kechagi sammitda Armaniston ishtirok etmadi. Rasmiy Yerevanning mazkur qarori allaqachon ma’lum bo‘lgandi. Bunga esa o‘ziga yarasha jiddiy sabablar bor. Armanistonning KXSHT bilan hozirgi salbiy munosabati Qorabog‘ bilan bog‘liq. Ya’ni Armaniston tashkilotning ikki davlati 2020 yilda Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlar vaqtida Ozarbayjonga yordam bergan deb hisoblaydi. Bu ikki davlat esa ko‘p ehtimol bilan Rossiya va Belarus bo‘lishi mumkin. Buning ortidan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan 2024 yil fevral oyida mamlakatning KXSHTdagi ishtiroki muzlatilganini e’lon qilgandi. Mart oyida u agar Yerevan ittifoqdoshlarining Armaniston suveren hududi qayerda joylashgani va KXSHT mas’uliyat zonasi qayerda ekanligi haqidagi qarashlaridan qoniqmasa, ittifoqdan chiqishga ruxsat bergan edi. Pashinyan hukumati tashkilotdan uzoqlashgani esa joriy yil yozda yaqqol namoyon bo‘ldi. Xususan, 21 iyun kuni Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Tashqi ishlar rahbarlari kengashining Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida ishtirok etmadi. Endi esa Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning o‘zi ham Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida qatnashmadi. Bu esa Armaniston KXSHTdagi ishtirokini muzlatish va joiz bo‘lsa, kelgusida bu blokni rasman tark etish niyatidan qaytmaganini bildiradi.
Ammo Putin Armanistonning a’zoligi borasida birmuncha pozitiv yondashuvga ega ekanligi ko‘rindi. U tashkilot harbiylari Qorabog‘dagi ziddiyat paytida tutgan pozitsiyasini, o‘sha paytda bu yerda Armanistonga nisbatan xavf yo‘q bo‘lgani bilan izohladi. Unga ko‘ra, hozircha Armaniston hali KXSHTdan chiqishini e’lon qilmagan va tashkilot sammitining barcha hujjatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Armaniston tashkilotda to‘laqonli ishtirok etishga qaytishiga ham shubha qilmadi. Ammo bu harbiy blokda ayni damdagi sharoit qay ahvoldaligi ko‘pchilikka ma’lum. Buni yuqoridagi Armaniston keysi ham yaqqol ochiqlab beradi. Bu boradagi Qorabog‘ masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu tog‘li hudud qaysi davlatga tegishli ekani o‘z yo‘liga. Aslida bu yer Ozarbayjonniki ekanini ko‘pchilik inkor qilmaydi ham. Ammo vaziyatga harbiy blok va uning maqsad-vazifalari prizmasidan qaralsa, KXSHTning bu masaladagi qarori past bahoga munosib ko‘rilishi mumkin. Chunki KXSHT kabi yana bir harbiy blok – NATO va uning asosini tashkil etuvchi paktning 5-moddasida tashkilotga a’zo davlatlarning biriga qilingan qarshi qurolli hujum, ularning barchasiga qarshi qurolli hujum deb hisoblanishi, bunday hujumda har bir a’zo davlat zarur deb hisoblagan harakatlarni, shu jumladan qurolli kuchlardan foydalanishni amalga oshirishda yordam berishi kerakligi belgilangan. Putinning ta’kidlashicha, KXSHTda ham shunday. Unga ko‘ra, tashkilot ichidagi o‘zaro yordam to‘g‘risidagi bandga hech kim shubha qilmaydi. Ammo bu band ortda qolgan yillar davomida tashkilot harakatlari misolida o‘z aksini topmadi va uning reputatsiyasiga jiddiy putur yetkazdi. Balki shuning uchun uzoq yillardan buyon mazkur zaif blokka qo‘shilish borasida qator postsovet davlatlari hali ham ijobiy javob bermayotgandir.
LiveBarchasi