Rossiyani tark etishi uchun noqonuniy migrantlarga muhlat belgilandi

Olam

image

Rossiyada noqonuniy yashayotgan migrantlar 2025 yilning 30 aprelgacha mamlakatni tark etishi yoki huquqiy holatini tartibga solishi kerak. Bu haqda bugun, 30 dekabr kuni mamlakat Prezidenti Vladimir Putin imzolagan “Noqonuniy migrantlarning Rossiyada bo‘lishini tartibga solish bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda keltirilgan.

Unga ko‘ra, Rossiyada o‘z holatini huquqiy jihatdan tartibga solmoqchi bo‘lgan migrantlarga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • shaxsiy biometrik ma’lumotlarini topshirish yoki shaxsiy biometrik ma’lumotlar asosida identifikatsiyadan o‘tish;

  • narkotik yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilmaganini, OITS yoki tegishli ro‘yxatdagi boshqa yuqumli kasalliklarga chalinmaganini tasdiqlash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish;

  • rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish;

  • majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzni o‘z ixtiyori bilan to‘lash;

  • patent, mehnat qilish, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma, o‘qish yoki yashash uchun ruxsatnoma berishni rad qilish uchun asos yo‘qligi va boshqa talablar.

2024 yilda Putin Rossiyaning migratsiya siyosatini kuchaytirish bilan bog‘liq bir qator qonunlarni imzoladi. Hujjatlardan biri nazorat ostidagi shaxslar reyestri orqali migrantlarni ro‘yxatga olish mexanizmini nazarda tutadi. Ushbu chora Rossiya Federatsiyasida qonuniy asoslarsiz qolgan xorijiy fuqarolarga nisbatan qo‘llanadi. Ular yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham ushbu reyestrga chegarani noqonuniy kesib o‘tgan, viza yoki yashash uchun ruxsatnoma bekor qilingan kundan boshlab kiritiladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda Rossiyada 739 ming noqonuniy migrant mavjud va ularning asosiy qismini O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Ozarbayjon fuqarolari tashkil qiladi. Umumiy migrantlarning 9 foizi noqonuniy migrantlar hisoblanadi. Ularning umumiy soni 739 mingga yaqin va so‘nggi to‘rt-besh yil ichida bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan. Hozirgi kunda Rossiyada 6 million 174 ming kishi chet el fuqaroligiga ega. Mamlakatda o‘z fuqarolari soni bo‘yicha birinchi o‘ntalikka esa O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va Turkmaniston kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Federatsiyasining barcha hududlarida 2025 yilda mehnat muhojirlari uchun patent narxi o‘zgarishi xabar qilingandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin noqonuniy migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing