KXSHT Armaniston va Ozarbayjon muammosi bo‘yicha choralar ko‘rmoqda – Putin

Olam

image

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi har qanday mojaroli vaziyat Rossiyada jiddiy havotirga sabab bo‘ladi. Moskva tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga amal qilishga chaqiradi. Bu haqda bugun, 20 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin xorijiy davlatlar elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimida aytib o‘tdi.

“Bizga yaqin davlatlar o‘rtasidagi har qanday ziddiyatli vaziyatlar bizni jiddiy tashvishga solayotganini alohida ta’kidlayman. Biz barchani bosiqlikka, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilishga va Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining uch tomonlama bayonotlariga qat’iy amal qilishga chaqiramiz”, deydi Prezident.

KXSHT orqali Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda, deydi Putin.

“Ta’kidlashni istardimki, tashkilot (KXSHT) Armaniston-Ozarbayjon chegarasi hududida vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan choralar ko‘rmoqda. Qarama-qarshilik zonasiga KXSHT Bosh kotibi boshchiligidagi maxsus missiya yuborildi. Unga vaziyatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Kollektiv xavfsizlik kengashiga takliflar tayyorlash topshirildi”, deydi Rossiya rahbari Kremlda bo‘lib o‘tgan ishonch yorliqlarini topshirish marosimida xorijiy davlatlar elchilariga murojaat qilib.

KXSHT vakillari 15 sentyabr kuni Armanistonga yetib keldi. 17 sentyabr kuni KXSHT missiyasining oldingi guruhi Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi bir nechta ob’ektga tashrif buyurdi. Mutaxassislar Ozarbayjon bilan chegaraga tutash bir qancha hududlarda vaziyatni kuzatdi. Missiyaning dastlabki guruhi ikki davlat munosabatlarini izga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqani ochiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi, biroq Armaniston o‘q uzish davom etayotganiga ishora qilmoqda. 

To‘qnashuvlarda avvaliga Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ozarbayjon-Armaniston KXShT

Baholaganlar

7

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing