KXDRda xalqqa armiya zaxirasidan oziq-ovqat tarqatish boshlandi
Olam
−
04 avgust 2021
8108Koreya Xalq Demokratik Respublikasi mamlakat aholisi o‘rtasida yangi katta ocharchilikning oldini olish uchun armiya zaxiralaridan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatishni tashkil qildi. Bu haqda “Associated Press” Janubiy Koreya milliy razvedka boshqarmasiga tayanib xabar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi va 2021 yilda iqlim o‘zgarishi tufayli Shimoliy Koreyaga yangi ocharchilik to‘lqini tahdid solmoqda. Mamlakatni qurg‘oqchilik va issiq ob-havo qamrab olgan, bu qishloq xo‘jaligining asosiy ekini — guruchning kuzgi hosiliga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Qolaversa, jazirama va qurg‘oqchilik makkajo‘xori ekinlarining katta qismini yo‘q qilgan va chorvachilikka zarar yetkazgan.
Ta’kidlanishicha, KXDR ochlikka qarshi kurashni “millat borlig‘i masalasi” deb hisoblaydi. Janubiy Koreyadagi GS&J xususiy instituti eksperti Kvon Te Jinning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyada oziq-ovqat holatini barqarorlashtirish uchun armiya ta’minotidan birinchi marta foydalanilmayapti, ammo bu safar, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, armiya ta’minoti zaxirasi deyarli tugashi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In joriy yilning iyun oyida mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlanishi mumkinligi haqida e’lon qilgandi. Kim Chen In Shimoliy Koreya partiyasi va xalqini yangi “qiyin yurish”ga tayyor bo‘lishga chaqirgandi. KXDR tarixidagi ushbu atama XX asrning 90-yillari, mamlakat ommaviy ocharchilik tufayli og‘irlashgan iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan davrni nazarda tutadi.
LiveBarchasi