KXDR Janubiy Koreyaga yana axlat sharlarini yubordi
Olam
−
05 Sentabr
3116Shimoliy Koreya yana bir bor axlat bilan to‘ldirilgan sharlarni Janubiy Koreya tomon uchirdi. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Janubiy Koreya Qurolli kuchlariga tayanib, “The Korea Times” xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, bu safar gap 420 ta havo sharlari haqida ketmoqda, ularning birinchi qismi 4 sentyabr kuni kechki payt uchirilgan. Bugun ertalab esa havoda yana yangi axlat sharlari paydo bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sharlar ichida asosan qog‘oz va plastmassa chiqindilari bo‘lib, ular sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydi.
“Associated France Press” ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning may oyidan buyon KXDR Janubiy Koreya tomon 3800 dan ortiq chiqindi havo sharlarini uchirgan. 4 sentyabr kuni yuborilgan havo sharlarining uchirilishi so‘nggi besh oy ichida o‘n uchinchisi bo‘ldi.
“The Korea Times” so‘roviga javoban Shimoliy Koreya rasmiylarining aytishicha, ularning janubiy qo‘shnisiga yuborayotgan bunday “samimiy sovg‘a”lari chegara hududiga tashviqot materiallari va axlatlarning tez-tez sochilib ketilishiga javobdir.
Janubiy Koreyaning avvalgi hukumatlari faollarning bunday kampaniyalarni o‘tkazishini to‘xtatishga urinib, ular chegara yaqinidagi aholi xavfsizligiga tahdid solayotganini aytgan. 2021 yilda kiritilgan havo sharlarini uchirishga taqiq keyinchalik mamlakat Oliy sudi tomonidan konstitutsiyaga zid, deb topildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 9 iyun kuni Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan chegarada o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali targ‘ibotni qaytadan yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qilgandi. Seul rasmiylari bu qarorni Shimoliy Koreyaning davom etayotgan “axlat hujumlari”ga javob deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDRning axlat sharlari Prezident qarorgohigacha yetib borib, Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yolning Seuldagi davlat idorasiga Shimoliy Koreya tomonidan yuborilgan 300 ga yaqin axlat sharlari kelib tushgandi.
LiveBarchasi