KXDR Janubiy Koreyaga axlat to‘ldirilgan sharlarni uchirishni to‘xtatdi
Olam
−
03 iyun
4990Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga axlat to‘ldirilgan havo sharlarini yuborishni to‘xtatdi. Bu haqda KXDR Mudofaa vaziri o‘rinbosari Kim Kang Ilga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar janubiy koreyalik faollar Pxenyanga qarshi targ‘ibot varaqalarini yana havo sharlari orqali uchiradigan bo‘lsa, Shimoliy Koreya Janubiy Koreya varaqalaridan yuzlab baravar ko‘p chiqindilarni tashlash uchun o‘z sharlari bilan parvoz qilishni davom ettiradi.
Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Chang Ho-Jin havo sharlari kampaniyasini "oddiy mamlakat tasavvur qila olmaydigan absurd, mantiqsiz provokatsiya harakatlari" deb atadi. U Shimoliy Koreyani Janubiy Koreyada "jamoat tashvishlari va tartibsizliklar" keltirib chiqarishni maqsad qilganlikda aybladi.
Qayd etish joizki, Shimoliy Koreya ko‘pincha Janubiy Koreya fuqarolik varaqalariga g‘azab bilan javob beradi, chunki ularda Shimoliy avtoritar boshqaruvni tanqid qiluvchi tashviqot xabarlari va tashqi yangiliklar mavjud.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyaning so‘nggi yetti yil ichida birinchi marta bo‘lib o‘tayotgan havo sharlari kampaniyasi Janubiy Koreyada konservativ hukumatning Shimolga nisbatan qat’iy siyosati tufayli ichki tafovutni kuchaytirishga qaratilgan. Ularning aytishicha, Shimoliy Koreya ham AQSHda noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan keskinlikni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
2022 yildan beri Shimoliy Koreya yirik yadroviy arsenalni yaratish uchun qurol sinovlari tezligini keskin oshirdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Janubiy Koreya harbiylari Shimoliy Koreyadan uchgan 700 dan ortiq sharlar mamlakatning turli hududlarida topilganini ma’lum qilgan edi. Birlashgan shtab boshliqlarining ma’lumotlariga ko‘ra, sharlarga go‘ng, sigaret qoldiqlari, mato qoldiqlari, makulatura va vinil bog‘langan, ammo xavfli moddalar yo‘q bo‘lgan.
Shahnoza Halilova
LiveBarchasi