KXDR Janubiy Koreya bilan birlashishni rasman rad etdi

Olam

image

Shimoliy Koreya mamlakatning yangi konstitutsiyasida Janubiy Koreya rasman “dushman davlat” sifatida belgilanishini tasdiqladi. Bu haqda bugun, 17 oktyabr kuni Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi. 

Ta’kidlanishicha, yaqinda KXDRni Janubiy Koreya bilan bog‘lab turgan avtomobil va temir yo‘llarning shimoliy qismlari vayron qilingani Janubiy Koreyani “dushman davlat sifatida aniq belgilab beruvchi KXDR konstitutsiyasi talablariga muvofiq ko‘rilgan muqarrar va qonuniy chora” bo‘lgan. Shunday qilib, Shimoliy Koreya Seul bilan birlashish g‘oyasidan rasman voz kechdi.

KXDRning o‘zgartirilgan konstitutsiyasi haqida boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

Shimoliy Koreya 15 oktyabr kuni Janubiy Koreyaga olib boruvchi yo‘llarni portlatib yubordi. “Yonhap” axborot agentligiga ko‘ra, bu yo‘llar bir paytlar Koreyalararo hamkorlik ramzi hisoblangan va Pxenyanning bu ishorasini janubga nisbatan dushmanlik namoyishi sifatida baholash mumkin. Portlashlar tushga yaqin sodir bo‘lgan. Janubiy Koreya harbiylari Janubiy Koreya va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Shimoliy Koreya harbiy faolligi va javob berishga tayyorligini kuzatishni kuchaytirganini ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya harbiylari KXDR tomonidan ikkita mamlakatlararo yo‘l uchastkalarining portlatilishiga o‘q uzib javob bergandi. O‘q otilishi oqibatida harbiylar zarar ko‘rmagan. Ular ikki mamlakatni ajratib turuvchi demilitarizatsiyalangan zona sifatida xizmat qiluvchi harbiy demarkatsiya chizig‘ining janubiy qismida o‘q uzgan. Seul Pxenyanning yo‘llarni portlatish harakatini keskin qoralab, bu davlatlararo kelishuvni buzishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing