KXDR Ukrainadagi urushdan qancha ishlab olgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Shimoliy Koreyaning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi ishtiroki mamlakat iqtisodiyotiga allaqachon 20 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Bu haqda Janubiy Koreyaning Mudofaa tahlil instituti (KIDA) tahliliy markazi hisobotiga tayanib, “Newsweek” xabar berdi.

KIDA hisob-kitoblariga ko‘ra, bu mablag‘ning asosiy qismi Rossiyaga yetkazib berilgan o‘q-dorilar evaziga tushgan. Rossiya armiyasi Ukrainadagi janglarda Shimoliy Koreyadan kelayotgan artilleriya o‘q-dorilariga jiddiy darajada bog‘liq bo‘lib qolgan. “Reuters” nashrining Rossiya armiyasiga oid hisobotlarga tayanib yozishicha, ba’zi bo‘linmalar kerakli o‘q-dorilarning hatto 100 foizini aynan Pxenyandan olmoqda. 

Shuningdek, KXDR minglab harbiy xizmatchilarini Rossiyaga yuborish orqali ham foyda ko‘rmoqda va buning evaziga harbiy texnika olayotgani aytiladi. Baholashlarga ko‘ra, yuborilgan 11 ming askardan 4 ming nafari halok bo‘lgan. Ularning aksariyati Kursk viloyatida jang qilgan. KIDA’ga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyadan pul o‘rniga barter qilish orqali moddiy yordam va texnik ko‘mak, jumladan, zamonaviy harbiy texnologiyalar – atom suvosti kemalari hamda zamonaviy qiruvchi samolyotlarni olishga ustuvorlik bermoqda. Bu esa mamlakatning harbiy salohiyatini oshirib, strategik maqsadlariga erishishida xizmat qilmoqda.

KIDA hisob-kitoblariga ko‘ra, artilleriya snaryadlari, tankka qarshi granatamyotlar va ballistik raketalar kabi harbiy mahsulotlar ta’minotining umumiy qiymati 19,2 milliard dollarni tashkil etgan. NK News xabariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga dengiz orqali 21 mingta konteyner yuborgan, qo‘shimcha ta’minot esa yer va havo yo‘li orqali amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Pxenyan texnologiyalarni uzatish orqali 630 million dollar, harbiy xizmatchilar orqali esa 280 million dollar daromad olgan. Rossiya tomonidan shimoliy koreyalik harbiylarga oyiga taxminan 2000 dollar va bir martalik boshlang‘ich to‘lov to‘lanadi, biroq bu mablag‘larning katta qismini KXDR hukumati tortib oladi.

KIDA hisobotini “Reuters” hamda “Open Source Centre” (OSC) tomonidan o‘tkazilgan mustaqil tahlil tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 2023 yil avgustidan 2025 yil martigacha Shimoliy Koreya Rossiyaga 15 800 dan ortiq konteyner o‘q-dori yuborgan. Sun’iy yo‘ldosh suratlariga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya kemalarining 64 ta reysi davomida 4,2-5,8 million dona Shimoliy Koreya o‘q-dorilari tashilgan bo‘lishi mumkin.  

KIDA Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka zudlik bilan barham berish zarurligini ta’kidlagan. 

“Agar bu davom etsa, Rossiyaning Koreya yarimorolidagi ehtimoliy inqiroz holatlariga aralashuvi ehtimoli oshadi”, deyiladi xabarda.

OSC bu hamkorlikni jiddiy strategik tahdid deb atagan.

“Agar zarur choralar ko‘rilmasa, bu qurol oqimi jangovar holatni Moskva foydasiga yanada burib yuboradi va Yevropa hamda Sharqiy Osiyodagi xavfsizlik uchun yanada kengroq tahdid tug‘diradi”, deyiladi OSC bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreyadan yetkazib berilayotgan artilleriya o‘q-dorilariga nihoyatda bog‘liq bo‘lib qolgani va Pxenyan o‘rtacha hisobda Rossiya qo‘shinlarini zarur snaryadlarning yarmi bilan ta’minlayotgani xabar qilingandi. Ayrim bo‘linmalar esa bu borada Shimoliy Koreyaga 100 foiz bog‘liq holda jang qilayotgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina KXDR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing