KXDR Rossiyaga 100 ming askar yuborishi mumkin – “Bloomberg”
Olam
−
18 noyabr
4413Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi hamkorlik chuqurlashishda davom etsa, Shimoliy Koreya Rossiyani Ukrainaga qarshi bosqinda qo‘llab-quvvatlash uchun 100 minggacha harbiy xizmatchini yuborishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr manbasiga ko‘ra, bunday ssenariy muqarrar emas. Biroq agar bunday miqyosdagi harbiy yordam ko‘rsatilsa, u katta kontingentni bir martalik joylashtirish orqali emas, balki bo‘linmalarni almashtirish bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
“Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Kursk viloyatida joylashishi mojaroni global tusga ega bo‘layotganidan darak beradi”, deydi manbalar.
Qayd etilishicha, ushbu masala Braziliyadagi G20 sammitida (19-20 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi) muhokama qilinishi kutilmoqda. Xususan, Germaniya kansleri Olaf Shols Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashuvda eskalatsiya masalasini ko‘tarishni rejalashtirgan. Unga ko‘ra, Shols Pekin o‘z ta’siridan foydalanib, Moskva va Pxenyanga bosim o‘tkazishini talab qiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyun oyida Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurib, KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan keng qamrovli strategik sheriklik haqidagi shartnomani imzolagan. Ushbu hujjat mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy ittifoqni mustahkamlaydi. Shartnomaning 4-moddasiga ko‘ra, tomonlardan biriga hujum qilinganda, boshqa tomonga mavjud barcha vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatish majburiyati yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda yordam berish uchun o‘z askarlarini yuborganini ma’lum qilgandi. Ushbu ma’lumotni Janubiy Koreya razvedkasi va Pentagon tasdiqlagan. Unga ko‘ra, KXDRdan Rossiyaga 12 mingga yaqin harbiy yuborilgan. Janubiy Koreya razvedkasining ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya har bir shimoliy koreyalik harbiy uchun Pxenyanga 2 ming dollar to‘laydi. Bu Shimoliy Koreya fuqarosining o‘rtacha 83 yillik maoshiga teng.
LiveBarchasi