KXDR razvedkasining sobiq xodimi Kim Chen Inning sirlarini ochib tashladi

Olam

image
“Tolibon”ning asosiy daromadi nima ekani ma’lum qilindi north_east

“Tolibon”ning asosiy daromadi nima ekani ma’lum qilindi

30 yildan ortiq razvedka xizmatida ishlagan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi sobiq katta polkovnigi Kim Kuk Son BBC nashriga intervyu berdi. Suhbat davomida u Mehnat partiyasi qurol va giyohvand moddalar sotish yo‘li bilan qanday pul topishi, shuningdek razvedkaning maxsus terrorchilik bo‘limi haqida gapirgan.  

KXDR Bosh razvedka byurosining katta polkovnigi Kim Kuk Son 2014 yilda mamlakatdan Janubiy Koreyaga qochishga majbur bo‘lgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘shandan beri Janubiy Koreyaning razvedkasi uchun ishlaydi, lekin o‘z jonidan qo‘rqadi, “terrorizmga qarshi kurashish uchun maxsus guruh” borligini eslaydi. Ta’kidlanishicha, u 2009 yilda Shimoliy Koreya rejimining muxoliflariga qarshi kurashish, shu jumladan qotillik uyushtirish uchun yaratilgan. 

Qayd etilishicha, Kim Kuk Sonning o‘zi 1997 yilda KXDRdan qochgan yana bir yuqori martabali ofitser Xvan Chjan Yopni yo‘q qilish operatsiyasini boshqargan. Uni o‘ldirish buyrug‘i 2009 yilda kelgan. 

“Kim Chen In uchun bu oliy rahbarni — otasini mamnun qilish uchun harakat edi. Shimoliy Koreyada terrorchilik siyosiy qurol. Bu Kim Chen Ir va Kim Chen Inning oliy qadr-qimmatini himoya qiladi. Bu vorisning buyuk rahbariga sodiqligini namoyish etish uchun sovg‘a bo‘lardi”, deydi KXDR razvedkasining sobiq xodimi. 

Ta’kidlanishicha, operatsiya reja bo‘yicha o‘tmagan va Shimoliy Koreya armiyasining ikki ofitseri qotillikka uringanlik uchun Janubiy Koreyada qamoq jazosini o‘tamoqda. 

Shuningdek, sobiq razvedka xodimi 2010 yil mart oyida Janubiy Koreyaning “Chxonan” korvetining o‘limi va o‘sha yilning noyabrida Yonpxendo oroliga raketa hujumi Kim Chen Inning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyrug‘i natijasi ekanini tasdiqlagan. 

Janob Kim, shuningdek KXDR razvedkasi o‘z josuslarini turli mamlakatlar, jumladan Janubiy Koreyadagi hukumat tashkilotlariga kiritishda juda muvaffaqiyatli ekanini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, KXDR rahbariyati Kim Chen Ir davridayoq, “kiberurushlar”ga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan va birinchi darajali xakerlarni tayyorlaydigan maxsus bo‘linma tuzgan. Bu yaxshigina daromad manbai hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning yana bir muhim daromad manbai — Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga qurol sotish. Qurollar, asosan, Eron, shuningdek uzoq vaqtdan beri fuqarolar urushini boshdan kechirgan mamlakatlar — Suriya, Liviya, Sudan, Myanmaga sotiladi. 

Janob Kimning aytishicha, Mehnat partiyasi 1990-yillardan buyon giyohvand moddalar ishlab chiqarish va tarqatishda faol ishtirok etmoqda. 

“Bu asosan kristalli metamfetamin bo‘lgan. U dollarga almashtirilardi, keyin uni Kim Chen Irga berishimiz mumkin edi. Siz tushunishingiz uchun: Shimoliy Koreyadagi barcha pullar Shimoliy Koreya rahbariga tegishli. Bu pulga u villalar qurdi, mashinalar, oziq-ovqat, kiyim-kechak sotib oldi va hashamatdan bahramand bo‘ldi”, deb so‘ziga yakun yasagan Kim Kuk Son. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 oktyabr kuni KXDRda hukmron Koreya Mehnat partiyasi tashkil etilganiga 76 yil to‘lgani harbiy parad va boshqa kuch namoyishisiz nishonlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In KXDR

Baholaganlar

1542

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing