Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga urilgan raketaning qismlari AQSHda yasalgan – “Financial Times”

Olam

image

Ukraina poytaxti Kiyevdagi Oxmatdet bolalar shifoxonasiga zarba berishda Rossiya qo‘shinlari tomonidan qo‘llangan X-101 strategik qanotli raketasini tayyorlashda AQSH va Shveysariyada ishlab chiqarilgan 16 ta komponentdan foydalanilgan. Bu haqda Ukrainadagi o‘z manbalariga tayanib, “Financial Times” yozmoqda.

Gazetada yozilishicha, ekspertlarning bunday fikrga kelishiga Rossiya havo qo‘shinlarining joriy yil yanvar oyida qilingan hujumlarida foydalangan X-101 ga o‘xshash raketa qoldiqlari turtki bo‘lmoqda. Raketa yasalishida Shveysariyaning STMicroelectronics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita komponent va Intel, Texas Instruments, Analog Devices va boshqa kompaniyalarning 14 ta Amerika komponentlari mavjud.

“Sanksiyalar Rossiyani ba’zi ilg‘or komponentlardan uzib qo‘ygan bo‘lsa-da, Kremlning mudofaa sektori mikroprotsessorlar va harbiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallanmagan boshqa ilg‘or texnologiyalarga murojaat qildi”, deb yozadi FT.

Nashr shuningdek, barcha G‘arb komponentlari birinchi navbatda fuqarolik maqsadlarida foydalanish uchun mo‘ljallanganligi va ularning ba’zilari ancha eski ekanligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, nashr qo‘lga kiritgan Rossiya hujjatlarida ehtiyot qismlarning Xitoy, Malayziya, Filippin, Tayvan yoki Tailandda ishlab chiqarilganligi bayon qilingan.

Ukraina Prezidenti devoni tomonidan gazetaga taqdim etilgan qog‘ozlarda esa X-101 raketasi tarkibida xorijda ishlab chiqarilgan 50 dan ortiq turli qismlar bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyul kuni Rossiyaning raketa zarbalari Ukraina shaharlaridagi asosiy nishonlarga, jumladan Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga tekkani xabar qilingandi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Ekvador, Sloveniya va AQSH butun Ukraina bo‘ylab ko‘plab kasal bolalarni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan shifoxona o‘qqa tutilishi sababli BMTni Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga chaqirdi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kiyevdagi bolalar shifoxonasiga Rossiya hujum qilganini rad etib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Kiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing