Kiyev va Seul Shimoliy Koreyaga qarshi harakatlarni faollashtirmoqda

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy janubiy koreyalik mavqedoshi Yun Sok Yol bilan Kiyev va Seulning Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ishtirok etishi kutilayotgani fonida telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Zelenskiy 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng Telegram-kanalida yozdi.

“Biz Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga aloqadorligini muhokama qildik. Bitta xulosa bor – bu urush xalqaro miqyosda va ikki davlat chegaralaridan tashqarida”, deydi Zelenskiy.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Janubiy Koreya Prezidentiga “3 ming Shimoliy Koreya qo‘shinini jangovar zonaga yaqin hududdagi Rossiya poligonlariga o‘tkazish va ularning sonining taxminan 12 mingga ko‘payishi kutilayotgani haqida yangi ma’lumotlarni taqdim etgan”. 

“Biz razvedka ma’lumotlari va tajriba almashishni kuchaytirish, keskinlashuvga javoban harakatlar strategiyasi va qarshi choralar ro‘yxatini ishlab chiqish, shuningdek, umumiy sheriklarni hamkorlikka jalb qilish maqsadida barcha darajalarda, jumladan, eng yuqori darajadagi aloqalarni faollashtirishga kelishib oldik”, dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kelishuv doirasida Kiyev va Seul yaqin orada harakatlarni muvofiqlashtirish uchun delegatsiyalar almashishadi.

Zelenskiy bilan telefon suhbatida Yun Sok Yol Janubiy Koreya Pxenyan va Moskva o‘rtasidagi harbiy aloqalarni chuqurlashtirishni e’tiborsiz qoldirmasligini aytdi va xavfsizlikka tahdidlarning kuchayishiga javoban “bosqichma-bosqich choralar” ko‘rishga va’da berdi.

“Shimoliy Koreya harbiy yordam berishdan tashqari, Rossiyada maxsus kuchlarni joylashtirish orqali misli ko‘rilmagan va xavfli qadamlar qo‘ymoqda”, dedi Janubiy Koreya rahbari.

Yun Sok Yol, shuningdek, Moskva Pxenyanga qo‘shin kiritish evaziga nozik harbiy texnologiyalarni berishi, shuningdek, Shimoliy Koreya kuchlarining Ukrainada jangovar tajriba orttirishi mumkinligidan xavotir bildirdi, bu esa Janubiy Koreya uchun “xavfsizlikka jiddiy tahdid” tug‘dirishi mumkin.

Shimoliy koreyalik askarlarning Rossiyaga yuborilgani haqidagi xabarlar

Oxirgi haftalarda Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Uzoq Sharq mintaqalarida allaqachon Shimoliy Koreya maxsus kuchlarining 1500 nafar askari bor va KXDR Rossiyaga jami 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi jo‘natishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, bir oylik mashg‘ulotlardan so‘ng bu askarlar frontga jo‘natiladi. 

“Kreml ularga Shimoliy Koreya fuqarolarini Rossiyaning sharqiy hududlari aholisi sifatida ko‘rsatib, soxta hujjatlar taqdim etishni rejalashtirmoqda”, deyiladi Janubiy Koreya razvedkasi hujjatlarida.

Avvalroq NATO Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaga o‘tkazilganini tasdiqlagan, Shimoliy Koreya rasmiylari esa Ukrainaga askar jo‘natishini inkor etgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilvosita Shimoliy Koreya askarlari Rossiya Federatsiyasida harbiy harakatlarda qatnashish uchun tayyorgarlikdan o‘tayotganini tasdiqladi.

Jurnalistning G‘arb razvedka xizmatlari tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh suratlari haqidagi savoliga javob berar ekan, Putin shunday dedi

“Agar tasvirlar bo‘lsa, bu nimanidir aks ettiradi”.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya askarlari 27-28 oktyabr kunlari frontga joylashtirilishi mumkinligini aytdi.

Yevropa Ittifoqi Pxenyanni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishdan ogohlantirdi.

Ayni paytda, Fridrix Nauman jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri KXDR Moskvaga 1,7 milliard dollardan 5,5 milliard dollargacha bo‘lgan qurol-yarog‘larni topshirgan.

“Agar Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashsa, Pxenyanning Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan olgan daromadi yuzlab million dollarga oshishi mumkin”, deya qayd etadi nashr.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Janubiy Koreya Shimoliy Koreya Ukraina Vladimir Zelenskiy Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing