Kiyev Oq uyning Ukraina bo‘yicha rejasini “muvaffaqiyatsiz” deb hisoblamoqda

Olam

image

AQSHning Ukrainani Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin saylov o‘tkazishga chaqirishi “muvaffaqiyatsiz reja” kabi ko‘rinadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aloqa bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Litvin kecha, 2 fevral kuni “Reuters” agentligiga yo‘lagan javob xatida ma’lum qildi.

Litvinga ko‘ra, Kiyev Vashington pozitsiyasi haqida qo‘shimcha ma’lumot talab qiladi.

Qayd etish joiz, Prezident Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellog “Reuters”ga bergan intervyusida Kiyev yaqin oylarda Rossiya bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaza olsa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainada saylovlar yil oxirigacha o‘tkazilishini istashini ma’lum qilgandi.

“Biz janob Kellogning to‘liq intervyusini ko‘rmadik, saylovga oid bir nechta iqtiboslar, shuning uchun uning pozitsiyasini to‘liq baholash qiyin. Ammo agar uning rejasi faqat o‘t ochishni to‘xtatish va saylovlardan iborat bo‘lsa, bu muvaffaqiyatsiz rejadir – Putinni faqat shu ikki narsa qo‘rqitmaydi”, dedi Litvin “Reuters” agentligiga yozma javobida. 

Litvinning aytishicha, Ukraina asosiy hamkorlarining rasmiy shaxslari tomonidan masalaga chuqurroq yondashuvni ko‘rishni xohlaydi.

“Ammo biz eslaymizki, Prezident Tramp Prezident Zelenskiy bilan uchrashuvlarida vaziyatni hamda aslida Putinga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni chuqur va oqilona muhokama qilgan”, dedi u.

Bildirilishicha, Ukraina Trampning pozitsiyasini va uning “kuch pozitsiyasidan tinchlik” yondashuvini qadrlaydi, chunki Kiyev mustahkam va barqaror tinchlikka shart-sharoit yaratish uchun zarur bo‘lgan yordamni olishga harakat qilmoqda. Litvin “jamoalar o‘rtasida urushni tugatish va mustahkam tinchlikni ta’minlash bo‘yicha aniq reja bo‘yicha haqiqiy ish”ga tezda o‘tish muhimligini aytdi.

Qayd etish joiz, Kiyev Moskvaning kelajakda yana bosqin boshlashiga to‘sqinlik qiladigan xavfsizlik kafolatlarisiz o‘t ochishni to‘xtatishni istamasligini bir necha bor aytgan.

Ma’lumot uchun, Rossiya 2022 yilda bostirib kirganidan keyin Ukraina joriy qilgan harbiy holatga ko‘ra, hozirda saylovlar taqiqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing