“Kiydiradi anjanchasiga”. Andijonda o‘quvchilardan hokim bilan suhbatda gaz va “svet” muammosini ko‘tarmaslik talab qilindi
Olam
−
03 noyabr 2022
16637Andijondagi maktab o‘quvchilaridan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan uchrashuvda hokimning savollariga shukronalik hissi bilan javob berish, kelajakda oliy o‘quv yurtiga kirish istagini – garchi o‘zi istamasa ham – 100 foiz bildirish, oilaviy muammolar, gaz va “svet” haqida miq etmaslik talab qilindi. Jalaquduq tumani hokimi Hikmatillo Latipov va tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Gulidona Sayyidovaga Telegram messenjeri orqari berilgan topshiriq surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (XTV) ushbu topshiriqlarga munosabat bildirib, mutasaddilarni ahmoqona topshiriqlar berishni to‘xtatishga chaqirdi.
“Maktab o‘quvchini shaxs sifatida o‘zini anglashiga yordam beradigan, o‘z xatti-harakatlari uchun mas’uliyat hissini, insoniy qadr-qimmatini ro‘yobga chiqarish qobiliyati va istagini rivojlantirishga yordam beradigan maskandir. O‘quvchilarga mana bu yozuvdagi kabi narsalarni uqtirish, singdirish yo‘li bilan ularni O‘zbekiston kelajagini quradigan yoshlar qilib tarbiyalay olmasligimiz aniq”, deyiladi XTV izohi avvalida.
Vazirlikka ko‘ra, ta’limda bunday insonlarning ishlayotganligi juda achinarli holat.
“Aslida bola o‘zidagi mavjud muammolarni ayta olishi kerak, qayerdan bilasiz, balki u oilasida zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgandir yoki uni qiynayotgan boshqa muammolar bordir?! Rahbarlarga o‘zini yaxshi ko‘rsatish uchun amalga oshirilayotgan bunday harakatlar bilan esa bugun o‘z qo‘limiz bilan kelajagimizni barbod qilamiz! Bugun boladan mana bunday narsani talab qilayotganlar ertaga yaxshilik kutmasin!
O‘qituvchilik oddiy kasb emas, bu kasb, yurak chaqiruvidir – o‘qituvchilardan bunday narsalarni talab qilmang, hurmatli ustozlar, iltimos, bunday talablarga quloq tutib, kelajak taqdiri sizga bog‘liq bo‘lgan navnihollarni sindirmang!”, deydi XTV matbuot kotibi Laylo Rustamova.
Shuningdek, u so‘zida davom etarkan, hokimbuva Abdurahmonovni “andijonlik bolalarning otasi” deb ta’riflagan.
Hokim Andijon farzandlarining otasi ekan, farzand otasiga o‘zini qiynayotgan har qanday masalani aytishga haqqi bor, otasi eshitmagan bolani ko‘chada begonalar eshitadi, bu esa yaxshilikka olib kelmaydi. Hokim ham aynan shu uchun yoshlar bilan uchrashgani kelayotgani aniq, bu yo‘l bilan o‘zingizni yaxshi ko‘rsatmang!”, degan Rustamova.
LiveBarchasi