Kisida Abening o‘ldirilishida politsiyani aybladi
Olam
−
14 iyul 2022
10654Yaponiya sobiq Bosh vaziri Sindzo Abening o‘ldirilishi uning himoyasini ta’minlash tizimida muammolar borligini ko‘rsatdi. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni Yaponiyaning amaldagi Bosh vaziri Fumio Kisida matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Ochig‘ini aytsam, xavfsizlik tizimida muammolar bor edi, deb o‘ylayman. Men har tomonlama tahlil qilinib, vaziyat tezda tuzatilishini istardim", deydi u.
Abe o‘ldirilganidan keyin politsiya va xavfsizlik xizmatlari qattiq tanqid qilindi. Tergov guruhidagi mahalliy OAV manbasiga ko‘ra, qotil birinchi o‘qni yetti metr masofadan uzgan, shundan so‘ng u sobiq Bosh vazirga yana ikki metr yaqinlashib, besh metrdan ikkinchi o‘qni uzishga muvaffaq bo‘lgan. Guvohlar tomonidan olingan kadrlarga ko‘ra, ular orasida taxminan uch soniya o‘tgan.
Avvalroq Yaponiya politsiyasi bosh boshqarmasi rahbari Itaru Nakamura ham politsiya Abeni himoya qila olmaganini tan olgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi asosiy vazifa tergovni yakunlash, shuningdek, politsiya xodimlarining harakatlaridagi fojiaga sabab bo‘lgan kamchiliklarni aniqlash va tuzatishdan iborat. Nakamuraning qo‘shimcha qilishicha, bu vazifa bilan shug‘ullanish uchun maxsus guruh tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyul kuni Sindzo Abe 10 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oldida ko‘chada tashviqot tadbirida nutq so‘zlayotgan vaqtida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdilar. Sobiq bosh vazir mahalliy vaqt bilan soat 17:03 da vafot etdi, u 67 yoshda edi.
2002 yildan 2005 yilgacha mamlakatning dengizdagi o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlarida xizmat qilgan erkakning uyidan portlovchi moddalar topildi. Erkakka rasman qotillik ayblovi qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, Sindzo Abe ikki marta, 2006-2007 va 2012-2020 yillarda Bosh vazir lavozimida ishlagan. 1954 yilda tug‘ilgan Abe Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiyaning eng yosh Bosh vaziri bo‘lgan.
LiveBarchasi