Otib o‘ldirilgan Yaponiya sobiq bosh vazirining bevasi Putinning huzuriga bordi (video)

Olam

image

Kecha, 29 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abening bevasi Aki Abe bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Turmush o‘rtog‘ingiz Rossiya-Yaponiya munosabatlarini rivojlantirish uchun juda ko‘p ish qilgan. Men u bilan juda samimiy shaxsiy aloqalarni o‘rnatgan edim”, deydi Putin.

Ake Abe esa Putinga turmush o‘rtog‘i bilan olib borgan faol hamkorlik va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi harakatlar uchun minnatdorlik bildirgan.

“Men siyosatchi emasman va hozir siyosiy masalalarga to‘xtalishni istamayman. Faqat bir narsani aytmoqchiman – Rossiya Yaponiya uchun juda muhim qo‘shnidir. Agar mana shunday murakkab davrda ham madaniy almashinuvlar va insoniy aloqalar davom etsa men juda xursand bo‘lardim”, degan u.

Ma’lumot uchun, Sindzo Abe Yaponiya hukumatini 2006-2007 va 2012-2020 yillarda boshqargan. U Putin bilan nisbatan yaqin munosabatda bo‘lib, o‘z faoliyati davomida Yaponiya va Rossiya o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlik hamda Janubiy Kuril orollarida qo‘shma xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Gap Kunashir, Shikotan, Iturup va Xabomai orollari haqida ketmoqda. Ikkinchi Jahon urushi yakunida bu orollar ustidan egalik masalasi hal qilinmagan bo‘lib, bu Moskva va Tokio o‘rtasida hududiy ziddiyatlarga sabab bo‘lgan.

Abe 2020 yilda iste’foga chiqqan. U 2022 yilning iyul oyida saylovoldi miting vaqtida Nara shahrida qilingan suiqasd oqibatida vafot etgan. Unga 41 yoshli Yaponiya fuqarosi Tetsuya Yamagami tomonidan bir necha marta o‘q uzilgan.

Abening tashabbusi bilan boshlangan Rossiya-Yaponiya hamkorligi 2022 yil bahorida, Ukraina urushi sabab Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida to‘xtatilgan. Shundan so‘ng Rossiya tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishdan bosh tortgan. Biroq 2025 yilning aprelida Yaponiya murakkab munosabatlarga qaramay, Janubiy Kuril orollari masalasi va tinchlik shartnomasiga oid muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tokio pozitsiyasiga ko‘ra, Rossiya to‘rtta janubiy orolni Yaponiyaga topshirishi kerak. Rossiya esa 1956 yildagi SSSR deklaratsiyasiga tayanadi va faqat tinchlik shartnomasi imzolangach, ikki orolni topshirish ehtimolini tan oladi.

Abega suiqasd

2022 yilning 8 iyul kuni Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe ko‘chadagi chiqishi davomida otib ketildi. 41 yoshli yaponiyalik Tetsuya Yamagami qo‘lbola o‘qotar qurol bilan uni ikki marta otib tashladi. Abe qutqaruv vertolyotida shifoxonaga yetkazildi. Shifokorlar unga qon quyishdi va bir necha soat davomida uning hayoti uchun kurashdi. Sobiq Bosh vazir 67 yoshida vafot etdi.

12 iyul kuni Tokiodagi Zojoji ibodatxonasida oila a’zolari, yaqin do‘stlari va hamkorlari uchun shaxsiy buddist dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Abening jasadi krematsiya qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Sindzo Abe Aki Abe

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing