Yaponiya Putinni Abening dafn marosimiga taklif qilmaydi – OAV
Olam
−
23 iyul 2022
8500Yaponiya Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni sobiq bosh vazir Sindzo Abening joriy yil sentyabr oyi oxirida bo‘lib o‘tadigan davlat dafn marosimiga taklif qilmaydi. Bu haqda bugun, 23 iyul kuni “The Mainichi” gazetasi hukumatdagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Bu Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli joriy etilgan sanksiyalar doirasida Yaponiya Rossiya rahbariyati vakillarining mamlakatga kirishini taqiqlagani bilan bog‘liq. Bosh vazirlik davrida Abe Putin bilan iliq do‘stona munosabatlar o‘rnatgan. Ular jami 27 marta uchrashishgan, bir-birlariga “sen” deb murojaat qilishgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2020 yilda – Abe Bosh vazirlikdan ketganidan keyin ham – ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlar haqiqatan ham do‘stona, o‘zaro hurmat va tushinishga asoslangan ekanini aytgan.
Yaponiya hukumati avvalroq 8 iyuldagi hujumda halok bo‘lgan Abening davlat dafn marosimini 27 sentyabr kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullagan edi. Ko‘p sonli xorijiy delegatsiyalar, jumladan, davlat rahbarlari darajasida ishtirok etishi kutilayotgan marosim Tokiodagi Imperator saroyi yaqinidagi “Budokan” (Jang san’ati zali)da bo‘lib o‘tadi.
Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasining ma’lum qilishicha, Tokioga sobiq Bosh vazirning vafoti munosabati bilan dunyoning 259 davlatidan 1700 ga yaqin hamdardlik maktublari kelgan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti, AQSH va Fransiya yetakchilari Jo Bayden va Emmanuel Makron, XXR raisi Si Szinpin, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II va Bosh vazir Boris Jonson hamdardlik bildirgan. Dafn marosimiga kim kelishni rejalashtirayotgani hozircha ma’lum qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni Dzodzyodzi ibodatxonasida Abening oila a’zolari, yaqin do‘stlari va hamkorlari dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Marhumning jasadi kuydirildi va uning kuli solingan idishni bevasi Akie uyiga olib keldi. Sobiq Bosh vazirning kullari dafn etilgan sana va joy hozircha e’lon qilinmagan, ammo ular kutilganidek, uning ona shahri Yamaguti prefekturasi bo‘lishi mumkin. U yerda, Nagatoda, uning otasi, sobiq Tashqi ishlar vaziri Sintaro Abening qabri bor. U 67 yoshida vafot etgan.
LiveBarchasi